O‘zbekistonda ipoteka kreditlari bo‘yicha o‘rtacha oylik to‘lovlar oshdi. Bu haqda Markaziy bankning 2024-yilning birinchi yarmi bo‘yicha ipoteka kreditlari sharhida keltirilgan.
Yanvar-iyun oylarida uy-joy oldi-sotdi shartnomalari soni 123,5 mingtani tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3%ga kamaygan.
Birlamchi bozorda uy-joy narxlari oshishi 7,2%ni (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,7 foiz bandga kam), ikkilamchi bozorda esa 4,5%ni (7,3 foiz band kam) tashkil qildi. Bunga turar-joy sotib olishga bo‘lgan talab darajasining kamayishi ta’sir qilib, o‘sish sur’atlari biroz sekinlashdi.
Hududlar kesimida uy-joy oldi-sotdi shartnomalari sonining kamayishi eng ko‘p Navoiy viloyati (-25%), Toshkent shahri (-11%) hamda Jizzax va Toshket viloyatida (mos ravishda — minus 8%) kuzatilgan. O‘sish esa Andijon (15%) va Qashqadaryo (11%) viloyatlarida qayd etildi.
Bundan tashqari, ipoteka kreditlari orqali uy-joy sotib olish tendensiyasi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan Sirdaryoda 15 foiz bandga, Jizzaxda 11 foiz bandga, Qashqadaryoda 10 foiz bandga kamaygan.
Ko‘chmas mulk bozorida taklifning sezilarli oshishi uy-joy sotib olishda aholining tanlov imkoniyatlari kengayishi, birlamchi va ikkilamchi bozorda narxlar o‘sishining sekinlashishi bilan izohlanadi.
Bundan tashqari, ipoteka krediti mavjud fuqarolarning yuqori oylik to‘lovchilari ulushida o‘sish davom etmoqda.
Xususan, birinchi yarim yillikda oyiga 2−5 mln so‘m miqdorida kredit to‘lovchi qarz oluvchilar ulushi 46%dan 48%ga, 5−7 mln so‘m to‘lovchilar — 5%dan 7%ga hamda oyiga 7 mln so‘mdan yuqori to‘lovchilar ulushi 2%dan 4%ga o‘sgan.
O‘z navbatida, oyiga 2 mln so‘mgacha to‘lovlarni amalga oshiruvchi fuqarolar ulushi 47%dan 41%ga kamaygan.
Ipoteka kreditlari mavjud 38,2 ming nafar fuqaro oyiga o‘rtacha oylik ish haqidan (5,09 mln 92,2 ming so‘m), 4,4 ming nafar qarz oluvchi esa aholi jon boshiga umumiy daromadlardan (10,8 mln so‘m) ko‘p miqdorda to‘laydi. Bu mazkur fuqarolarning qo‘shimcha norasmiy daromadga egaligi bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Birinchi yarim yillikda o‘rtacha oylik to‘lovlar miqdori o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 16%ga (415 ming so‘mga) oshib, 2,99 mln so‘mni tashkil etdi.
Hududlar kesimida Toshkent shahri (26%), Namangan (16%) va Farg‘ona viloyatlarida (16%) ipoteka bo‘yicha to‘lovlar boshqa hududlarga nisbatan sezilarli o‘sgan. Uy-joyga bo‘lgan umumiy talab taklif potensialidan ko‘p va narxlar aholi daromadlariga nisbatan nomutanosib shakllangan.
Olti oyda 1 kvadrat metr uy-joy narxining o‘rtacha oylik ish haqiga nisbati mamlakatning 13ta viloyatida qimmatlashgan. Biroq, Qoraqalpog‘istonda bu ko‘rsatkich pasaydi. Masalan, poytaxtda bu 15,6 mln so‘mni tashkil etdi.
Tahlilchi Timurmalik Elmuradov O‘zbekistonda xonadonlar yetishmovchiligi mavjud sabab, uylar yana uzoq vaqt qimmatligicha qolishini qayd etgandi.