“O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” poyezd chiptalari narxi oshishiga izoh berdi. Bu haqda 5-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasining shuba korxonasi vakillari ma’lum qildi.
Kompaniya 2018-yildan beri chiptalar narxi o‘zgarmaganini qayd etdi. Shu bilan birga, oylik ish haqi 350%ga, elektr energiyasi 800%ga, vagonlarning ta’mirlash sarf-xarajatlari 180%ga va boshqa xarajatlar 520%ga oshgan.
“Chiptalar narxi ko‘p yillar davomida o‘zgarmagan bo‘lsa-da, vagonlar ishlab chiqarish, ularga xizmat ko‘rsatish va boshqa xizmatlar narxi sezilarli darajada oshgan”, deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, 2023−2024-yillarda davlat kompaniyasining daromadlari 130%ga oshdi, xarajatlari esa 125%ga qisqardi. Batafsil ma’lumot berilmagan.
“O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” kompaniyasi yil oxirigacha konditsionerlarga ega vagonlar sonini 160tadan 220tagacha oshirishni rejalashtirgan. Shuningdek, vagon parklarini modernizatsiya qilish, xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash va yo‘lovchilar tashishda yangi texnologiyalarni joriy etish ko‘zda tutilgan.
Kompaniya tomonidan yo‘lovchilarga yo‘lda qo‘shimcha xizmatlarni, jumladan, vagon tasnifini boshqasiga o‘zgartirish imkoniyatini beradigan elektron to‘lov tizimi joriy qilingan. Ya’ni yo‘lovchi safar davomida, joyida qo‘shimcha to‘lov qilish orqali boshqa klassdagi vagonga o‘tishi mumkin.
Iyun oyida “O‘zbekiston temir yo‘llari” tezyurar poyezdlar uchun chiptalar narxini oshirdi. 1-iyuldan “Nasaf”, “O‘zbekiston” va “Sharq” yo‘nalishidagi chiptalar narxi 25%ga oshdi. Bu yil boshidan beri tezyurar poyezdlar narxining ikkinchi o‘sishidir. Yanvar oyida chiptalar narxi 20%ga oshirilgandi.
Bundan tashqari, kompaniya tomonidan “Afrosiyob” tezyurar poyezdlarining chiptalari narxi bir necha bor oshirilgan. Birinchi marta narxlar o‘tgan yilning noyabr oyida 60%ga ko‘tarilgan, keyin esa ikki marta — yanvar va may oylarida oshirildi.
Avvalroq “O‘zbekiston temir yo‘llari” Toshkent-Moskva poyezdlari qatnovini qayta yo‘lga qo‘yishi haqida xabar berilgandi.