O‘zbekistonda “BYD Seagull” elektromobili sotuvi boshlandi. Bu haqda Xitoy avtomobilsozlik kompaniyasi matbuot xizmati xabar berdi.
To‘liq quvvatda 405 km masofani bosib o‘tuvchi “BYD Seagull"ning “Flying” komplektatsiyasi narxi 208,3 mln so‘mni ($16,4 ming) tashkil etadi. Xetchbek xususiyatlari bilan havola orqali tanishish mumkin.
Elektromobil narxi Xitoydagi narxlarga nisbatan ancha yuqori, mamlakatda eng oddiy konfiguratsiya narxi $9,7 mingdan (69,8 ming yuan) boshlanadi.
“Avtoelon” va “OLX” mahalliy onlayn reklama platformalarida BYD Seagull xetchbeki 180 mln so‘mdan (taxminan $14 ming) sotilmoqda.
“Xususiy tadbirkorlar O‘zbekiston hukumati sun’iy ravishda yaratgan mingta chig‘iriqdan o‘tib, olib kelayotgan elektromobil „BYD“ rasmiy dileri taklif etayotganidan o‘rtacha $3 mingga arzon”, — deb yozadi iqtisodchi Otabek Bakirov.
“BYD Uzbekistan Factory” kamida 2 yil davomida bojxona boji va utilizatsiya yig‘imi to‘lamasdan, mazkur rusumdagi elektromobillarni yaratiladigan ishlab chiqarish quvvatlarining 50%igacha miqdorda O‘zbekistonga olib kirishi mumkin. Biroq, bu hajm yiliga 10 mingdan ko‘p bo‘lmasligi kerak.
Rasmiy “BYD” dilerlaridan biri “Spot” muxbiriga “Seagull” narxi “norasmiy dilerlarnikidan biroz yuqoriroq” ekanligini tasdiqladi. Menejerning qo‘shimcha qilishicha, ular “import avtomobillari"ni sotishadi.
Bundan tashqari, sabablar qatorida kafolat va texnik xizmat ko‘rsatish, mahalliy iqlim sharoitlariga moslashtirish, dasturga kirish, ovozli assistent, bepul yo‘l yordami va boshqa parametrlar mavjud.
“BYD Seagull” va “E2"ni mahalliylashtirish
Iyun oyida “BYD Uzbekistan Factory” bosh direktori Shafqatbek Alimov mahalliylashtirish natijasida mahalliy ishlab chiqarilgan avtomobillar import qilinganidan arzonroq bo‘lishini ta’kidlagandi.
Prezident bilan uchrashuvda “O‘zavtosanoat” boshqaruvi raisi Ulug‘bek Ro‘ziqulov O‘zbekistonda V, S va budjet avtomobillari segmentidagi avtomobillar ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvlar haqida qayd etdi.
Iyul oyida “BYD Uzbekistan Factory” xitoylik hamkorlar bilan yangi modellarni chiqarishga kelishib oldi. Qo‘shma korxona o‘z hamkorlaridan “BYD Seagull” va “E2” avtomobillarining birinchi namunalarini sinov uchun olib, sertifikat sinovlarini o‘tkazish maqsadida “UzTest"ga topshirdi.
Oradan ko‘p o‘tmay, avgust oyida O‘zbekistonda “BYD E2 Luxe” elektromobilining rasmiy sotuvi boshlandi. Mazkur xetchbek narxi 236,6 mln so‘mni tashkil etadi.
Yaqinda “ADM Jizzakh” zavodi bosh direktori Doniyor Davletiyarov elektromobillar importi uchun bojlarni qaytarishni taklif qildi. Bu taklifni Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov ham qo‘llab-quvvatladi. Biroq iqtisodchilar hukumatni import o‘rnini bosish siyosatidan voz kechib, O‘zbekiston nisbatan ustunlikka ega bo‘lgan mahsulotlarni ishlab chiqarishga chaqirmoqda.