Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida ipoteka krediti bozorining rivojlantirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Bank ipoteka kreditini ajratganidan so‘ng bu mablag‘lar qaytishini 20 yil kutishi kerak. Banklar ajratilgan mablag‘lar aylanmasini tezlashtirish uchun ushbu kreditlarning o‘zini aktiv sifatida ishlatadi. Bunday vositalardan biri bu garov xatini rasmiylashtirish hisoblanadi.
Buning uchun deputatlar “Ipoteka to‘g‘risida"gi qonunni takomillashtirishni ilgari surishmoqda. Qonun loyihasi bilan garov xati mexanizmini yaxshilash orqali ipoteka bozoriga uzoq muddatli resurslarni jalb etish va ipoteka kreditini aktiv sifatida muomalaga kiritish nazarda tutilgan.
Shuningdek, garov xatini rasmiylashtirish, ro‘yxatdan o‘tkazish va aylanmasi tartibini soddalashtirish belgilanmoqda. Budjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi a’zosi Jahongi Abdurasulovning qayd etishicha, buning uchun onlayn tartibda yoki davlat xizmatlari markaziga borish orqali garov xatini rasmiylashtirish imkoniyatini yaratish, elektron garov xati konsepsiyani joriy etish zarur.
“Garov xatini onlayn yoki DXM orqali rasmiylashtirish ma’muriy xarajatlarni kamaytiradi, undan foydalanish imkoniyatini oshiradi”, — dedi u.
Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi yuristi Ozod Mo‘minov elektron garov xatini joriy qilishda qonunosti hujjat qabul qilish, undan so‘ng, Kadastr agentligi, Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi hamda Markaziy bankning ma’lumotlar bazasini o‘zaro integratsiya qilish kerakligini ta’kidladi.
Bu jarayon uzoq muddatni talab qilishi bois ham elektron, ham hujjatli garov xatini qoldirishga qaror qilingan. Vaqt o‘tishi bilan garov xatining qozog‘ shaklidan voz kechish mumkin.
“Hujjatni bekor qilish masalasiga kelsak, u o‘zidan-o‘zi foydalanilmasdan qolib ketishi mumkin. Buni bir-bir yarim yilda bekor qilish kerak, degani emas. Bu masalaga ikki yo uch yilda ham qaytsak bo‘ladi”, — deya qayd etdi Ozod Mo‘minov.
Bundan tashqari, elektron garov xatini joriy qilish orqali O‘zbekiston kapital bozorida yangi mahsulot paydo bo‘lishi, investorlar uchun ham qulayliklar yaratilishi ta’kidlandi.
Deputatlarning fikricha, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi garov xatini rasmiylashtirish, uni berish, qayta moliyalash jarayonini jiddiy tarzda soddalashtirish imkonini beradi. Qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi.
Avvalroq kafolatlangan omonat miqdorining yuqori chegarasini bir bankda bir omonatchiga 200 mln so‘m qilib belgilash taklif etilayotgani haqida xabar berilgandi.