Namangan viloyati Chust tumanida elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan fermer xo‘jaligi aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati xabar berdi.

Departamentning Chust tumani bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi.

Tekshiruvda aniqlanishicha, “Ch.T”. fermer xo‘jaligi rahbari X.Z. va fuqaro B.G. xo‘jalikka qarashli bog‘ hududida yer ostiga o‘rnatilgan suv nasosini umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga tijorat maqsadida o‘zboshimchalik bilan ulanib olgan.

Buning natijasida jami 608,7 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.


Avvalroq “Spot” Andijonda qariyb 289 mln so‘mlik elektr energiyasi talon-toroj qilingani haqida yozgandi.

Xususan, fuqarolar o‘zaro til biriktirib, choyxonadagi uskunalar va Paynet shoxobchasini elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulab olgan.