Joriy yilning 10-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev Rossiya hukumati raisi Mixail Mishustin boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda prezident matbout xizmati xabar berdi.
Muzokaralar davomida tomonlar o‘rtasidagi hamkorlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tovar ayirboshlash sur’atini saqlab qolish, sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport va iqtisodiyotning boshqa sohalarida hamkorlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlar ko‘rish zarurligi ta’kidlandi.
Davlat rahbari hududlar darajasida amaliy hamkorlikni kuchaytirish, madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish, migratsiya sohasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhim ekanini qayd etdi.
Bundan oldin, 9-sentabr kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Rossiya Iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Unda tomonlar o‘zaro sarmoyaviy va hududlararo hamkorlik ko‘lamini kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qilishdi. Erishilgan investitsiya bitimlari va loyihalarining bajarilishini nazarda tutuvchi amaldagi kelishuvlarning ijrosi ko‘rib chiqildi.
Toshkentda Butunrossiya tashqi savdo akademiyasining filialini ochish va Strategik tashabbuslar ekspert markazi faoliyatini tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlarga alohida e’tibor qaratildi.
Loyihaning amaliy jihatlarni atroflicha muhokama qilgach, Laziz Qudratov va Maksim Reshetnikov Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori To‘lqin Teshabayev hamrohligida universitetni aylanib chiqdilar va tashabbusni amalga oshirish uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar.
Avvalroq Rossiya O‘zbekistonda dron ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, qo‘shma temir yo‘l muhandislik quvvatlarini yaratishga qaror qilindi.