Iyul oyi o‘rtalarida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Humo” to‘lov tizimini boshqaruvchi “Milliy banklararo protsessing markazi"ning 100% ulushini xususiylashtirish boshlanganini ma’lum qildi.
Bitim bo‘yicha konsultant sifatida “Deloitte” konsalting kompaniyasi jalb qilingan. Auksion uch bosqichda tashkil etilib, birinchi bosqich 22-avgust kuni yakunlandi. Shunga qaramay, ingliz tilidagi e’londa arizalar 30-avgustga qadar etib belgilangan. Bunga iqtisodchi Otabek Bakirov e’tibor qaratgandi. Undan keyin, Davaktiv agentligi holat yuzasidan izoh bermasdan xatoni tuzatdi.
Qozog‘istonning “Kaspi” fintex guruhi to‘lov tizimini sotib olishga qiziqish bildirgan. Kompaniya “Humo"ning joriy biznes modelini to‘lov texnologiyalari va xizmatlari bilan to‘ldirishni rejalashtirmoqda.
Ekspertlarning fikricha, “Humo"ning minimal qiymati $60−80 mlnni tashkil qiladi. Aniq narxni aniqlash uchun to‘lov tizimining joriy va prognozli moliyaviy ma’lumotlariga kirish zarur.
“Spot” fintex bozori ishtirokchilari bilan “Kaspi"ning O‘zbekiston bozoriga kengayishi, “Humo” bilan kelishuv ehtimoli, to‘lov tizimini sotib olishdagi rejalar va mahalliy biznesning “Kaspi” bilan raqobatlashishga tayyorligi haqida suhbatlashdi.
“Kaspi” qiziqishi va kelishuv ehtimoli
“Humans Group” bosh direktori va asoschisi Vladimir Dobrininning qayd etishicha, “Kaspi” uchun Qozog‘iston bozorida imkoniyatlar yetarli emas, shu sabab ham yaqin madaniy va iqtisodiy aloqalarga ega qo‘shni davlatga kirish mutlaqo mantiqiydir.
“O‘zbekistonga kirish — bu xalqaro rivojlanish ambitsiyalarining to‘liq tushunarli ro‘yobga chiqishi. „Kaspi“ menejmenti uchun mamlakat potensial yangi bozorlar orasida birinchi o‘rinda turadi. Shu bilan birga, bunday yirik o‘yinchining O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishi mamlakatning iqtisodiy istiqbollari yuqori baholanishidan dalolat beradi”, — dedi u.
“Oson” asoschisi va bosh direktori Farhod Mahmudovning fikricha, “Kaspi"ning “Humo"ni sotib olish imkoniyatlarini da’vogarlarning to‘liq ro‘yxati e’lon qilingandan keyingina baholash mumkin. Shu bilan birga, u Qozog‘istonda ekotizimni rivojlantirishda xorijiy fintex guruhining kuchli tomonlari, innovatsion texnologiyalar va ularning muzokaralar o‘rnini mustahkamlashi mumkin bo‘lgan kuchli kapitalni qayd etadi.
“Gafurov, Kardash & Partners” hamkori va hammuasisi Yodgor G‘ofurov avvalroq “Spot"ga bergan izohida “Kaspi” mahalliy kompaniyalar tomonidan qiyinchiliklarga duch kelishi mumkinligini aytgan edi.
““Kaspi"ning bitimni muvaffaqiyatli yakunlash imkoniyati yuqori emas degan taxminlar mavjud. Kelishuv amalga oshsa ham, mahalliy o‘yinchilar o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun tartibga soluvchi va ma’muriy vositalardan foydalanishlari mumkin. Bu esa “Kaspi” uchun jiddiy qiyinchiliklarni yuzaga chiqaradi va bizning bozordagi o‘sishini sekinlashtiradi”, — deya o‘rtoqlashdi ekspert.
“Humo"ning minimal qiymatini baholash uchun Vladimir Dobrinin kompaniyaning moliyaviy hisobotlari va holatini, shuningdek, kelgusi uch-besh yildagi istiqbollarini ko‘rib chiqishni taklif qiladi. Ekspertlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, to‘lov tizimining narxi taxminan $280−300 mlnni tashkil qilishi mumkin.
O‘z navbatida, iqtisodchi Yuliy Yusupov mazkur tizim mijozlaridan birining milliy to‘lov tizimiga egalik qilishning maqbulligi va halol raqobat tamoyillariga muvofiqligi masalasini o‘rtaga tashladi. Buni Markaziy bank hal qilishi kerak, deya qo‘shimcha qildi u.
“Humo” va fintex bozori qanday o‘zgarishi mumkin?
Farhod Mahmudovning so‘zlariga ko‘ra, “Humo"ni sotib olish “Kaspi"ning O‘zbekiston bozoridagi ishtirokini kengaytirish orqali o‘ziga ko‘proq foyda keltiradi. “Humo"da yangi funksiyalar paydo bo‘lishi mumkin, ammo u to‘lov tizimining ishlashida katta o‘zgarishlar bo‘lishini kutmayapdi.
Ko‘p sonli kartalar chiqarilishi va barcha banklarning integratsiyalashuvi sababli “Humo” faoliyatida tub o‘zgarishlar bo‘lishini kutmaslik kerak, degan fikrga Vladimir Dobrinin ham qo‘shiladi. Shu bilan birga, u “Humo"ning texnik konturini takomillashtirishga umid bildirdi. Bu to‘lov tizimini yanada ishonchli va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan fors-major holatlariga chidamli bo‘lishiga, shuningdek, yangi texnologiyalar joriy etilishini tezlashtirishga imkon beradi.
“Spot” so‘roviga javoban ekspertlar “Kaspi"ning kelishi mahalliy fintex bozorida raqobatni kuchaytirishini, xizmatlar sifatini oshirishi hamda innovatsiyalarni rag‘batlantirishga olib kelishini qayd etishdi.
Xususan, Farhod Mahmudovning fikricha, “Kaspi” va “Uzum” kabi yirik ekotizimlar o‘rtasidagi raqobat butun fintex sektorining o‘sishiga yordam beradi.
“Bu, albatta, global fintex hamjamiyati uchun muhim kelishuv bo‘ladi — aksiyalari “NASDAQ"da kotirovka qilinadigan yirik ommaviy o‘yinchilar ishtirokidagi har qanday bitim kabi. Agar bunday darajadagi kompaniya O‘zbekiston bozoriga kirib, bu yerda aktivlarni qo‘lga kiritsa va kelgusidagi investitsiyalar bo‘yicha rejalarini e’lon qilsa, demak, u butun mamlakat iqtisodiyoti va taraqqiyoti istiqboliga ishonadi”, — dedi Vladimir Dobrinin.
“Humans Group” bosh direktori va asoschisi vaziyatning rivojlanish ssenariylari “Kaspi"ning o‘ziga xos harakatlariga va boshqa bozor ishtirokchilari qanday moslashish strategiyalarini tanlashiga bog‘liq bo‘lishini qo‘shimcha qildi.
“Kaspi” rejalari va biznesning raqobatga tayyorligi
“Oson” asoschisi va bosh direktori Farhod Mahmudovga ko‘ra, “Kaspi” “Humo"ni sotib olishi hamda to‘lov tizimidan O‘zbekiston bozorining boshqa segmentlariga kirish nuqtasi sifatida foydalanishi mumkin.
““Payme"ni xarid qilish orqali bozorga kirgan “TBC Bank” analogi kabi, “Kaspi” O‘zbekistonda yangi mahsulotlar taklif qilish va ekotizimini mustahkamlash orqali o‘z xizmatlarini kengaytirishi mumkin”, — dedi u.
Vladimir Dobrininning fikricha, “Kaspi” Qozog‘istondagi fintex guruhining asosiy daromadini yaratuvchi aholini kreditlash, to‘lov operatsiyalari va marketpleysni rivojlantirishdan manfaatdor bo‘lishi mumkin.
Shunga qaramay, ekspert “Humo” faqat moliyaviy operatsiyalar protsesingini amalga oshirishi va mijoz bilan bevosita aloqa o‘rnatmasligini hisobga olishga chaqiradi. Mijozlarga kirish imkoniyatining yo‘qligi “Kaspi"ning mahalliy bozordagi rivojlanishini nazariy jihatdan cheklaydi, deya ogohlantiradi u.
“Kaspi” bilan raqobatga tayyorlik haqida savolga “Oson” B2B-segmentida hamkorlikni kengaytirish, jumladan, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi to‘lovlarni qabul qilish rejalariga to‘xtaldi. To‘lov xizmati litsenziya oldi va yaqin orada Qozog‘istonda ishga tushadi. To‘lov kompaniyasi “Kaspi” bilan hamkorlikni rivojlantirishni kutmoqda, ayniqsa B2B-sohasida.
Vladimir Dobrinin “Humans” mavjud bo‘lgan barcha sohalarda yuqori raqobatni ta’kidladi: uyali aloqa, fintex, elektron tijorat. Kompaniya kreditlash bozoriga kirishni rejalashtirmoqda. Uning ta’kidlashicha, ushbu bozorlarning barchasi monopollashtirilmagan va yangi o‘yinchilar uchun ochiqdir.
“Umuman olganda, yangi yirik o‘yinchi paydo bo‘lishi bilan „Humans“ strategiyasida hech narsa o‘zgarmaydi — biz har doim o‘z biznesimizni bozordagi eng ochiq va liberal muhit asosida qurganmiz”, — dedi “Humans” bosh direktori va asoschisi.
Shunga qaramay, u raqobatbardosh kurash kuchayishini, bozor ulushini oshirish qiyinroq bo‘lishini qayd etdi.