O‘zbekiston va Rossiya Toshkent-Moskva yo‘nalishida poyezd qatnovi chastotasini oshirishga kelishib oldi. Bu haqda Rossiya transport vaziri Roman Starovoyt ma’lum qildi.
Rasmiy ikki davlat o‘rtasida 9-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan hukumatlararo muzokaralarda ishtirok etdi. U “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasining 24-sentabrdan boshlab poytaxtlar o‘rtasida yo‘lovchi poyezdlari qatnovini qayta yo‘lga qo‘yayotgani haqidagi xabarini tasdiqladi.
“Yil oxirigacha poyezd haftada bir marta harakatlanadi, yangi yildan boshlab esa reyslar soni ikkitaga oshiriladi”, — dedi Starovoyt.
Qatnov uch kundan biroz ko‘proq vaqtni oladi va Penza, Samara, Orenburg hamda Qozog‘istonning Aqtau shaharlaridan o‘tadi. Poyezd butun yo‘nalishdagi aholi punktlarida to‘xtaydi, bu esa yo‘nalish bo‘ylab turli shaharlarga marshrutlarni rejalashtirish imkonini beradi.
Toshkent-Moskva yo‘nalishida yo‘lovchilar chiptalarni chegirma asosida xarid qilishlari mumkin. Ya’ni reys sanasidan qancha ko‘p kun oldin chipta xarid qilinsa, chegirma foizi shuncha yuqoriroq bo‘ladi.
Shuningdek, vazir Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida havo yo‘llari orqali yo‘lovchilar oqimi ortib borayotganini qayd etdi. Yetti oyda aviakompaniyalar 1,2 mlndan ortiq yo‘lovchini yoki 2023-yilning mos davriga nisbatan 47%ga ko‘p yo‘lovchi tashidi.
2022-yilning iyunida Rossiya tomoni O‘zbekiston bilan temir yo‘l aloqasini tiklashga qaror qildi. Undan keyin Toshkentdan Samara va Volgogradga muntazam poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yildi.
Avvalroq Nukus va Qozog‘istonning Mang‘istau shaharlari o‘rtasida poyezd harakati yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar berilgandi.