O‘zbekiston va Rossiya O‘zbekistonda AES loyihasi bo‘yicha ishlarni boshlashga kelishishdi. Bu haqda “O‘zatom” agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, Atom elektr stansiyasi qurilishi direksiyasi hamda Rossiyaning “Rosatom” kompaniyasi “Atomstroyeksport” (“ASE”) muhandislik bo‘limi tomonidan O‘zbekistonda qurilishi rejalashtirilayotgan kam quvvatli atom elektr stansiyasi (KQAES) qurilish maydonchasida ishlarni boshlash to‘g‘risida bayonnoma imzolandi.
Hujjatni imzolash jarayonida Atom energiyasi agentligi direktori Azim Axmedxo‘jayev va “Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktori o‘rinbosari, Xalqaro faoliyat bloki direktori Nikolay Spasskiylar ham ishtirok etdi.
“Bugungi imzolangan hujjat O‘zbekistonda birinchi kam quvvatli AES qurilishi loyihasini amalga oshirish bo‘yicha faol ishlarni boshlashga qadam tashlaganimiz dalolatidir, bu esa yaqin kelajakda qurilish maydonchasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlarni boshlash imkonini beradi”, — dedi Atom elektr stansiyasi qurilishi direksiyasi rahbari Otabek Amanov.
Joriy yilning iyun oyi oxirlarida AES loyihasi bo‘yicha dastlabki ishlar boshlangandi. Unda Jizzax viloyatidagi belgilangan maydonda amalga oshiriladigan birinchi qurilish shtabi joylashtirilib, rejalashtirilgan muddatda ishlarni boshlash bo‘yicha vazifalar belgilab olingandi.
Agentlikning qayd etishicha, avgust oyi oxirida atom elektr stansiyasi quruvchilari uchun vaxta shaharchasini yaratish ishlari boshlangan. Bu AES faoliyat yuritadigan hududni an’anaviy kompleks rivojlantirish yo‘lidagi birinchi qadam ekanligi ta’kidlandi.
Uning doirasida hududda madaniy-ma'rifiy loyihalar, tibbiyot tashkilotlari paydo bo‘ladi. Shuningdek, aholi yashash punktlari odamlarni yashashga, sanoat korxonalari va tijorat tashkilotlarini esa mehnatga jalb qilishi kutilmoqda.
“Bugun imzolangan bayonnoma tomonlarning normativ va moliyaviy majburiyatlari nuqtayi nazaridan ustuvor shartlarning bajarilishini belgilab beradi. Rosatomning muhandislik bo‘limi KQAESni joylashtirish uchun litsenziya olish va qurilish maydonchasida qidiruv ishlarini olib borish bo‘yicha faol bosqichga o‘tishni boshlaydi”, — bu haqda “ASE” Markaziy Osiyoda atom elektr stansiyalarini qurish loyihalari direktori Pavel Bezrukov ma’lum qildi.
Kelishuvga ko‘ra, Rossiya loyihasi bo‘yicha O‘zbekistonda umumiy quvvati 330 MVt (har biri 55 MVtdan 6ta reaktor) bo‘lgan atom elektr stansiyasini qurishni nazarda tutadi.
Kichik atom elektr stansiyasini qurish
Joriy yilning 27-may kuni “O‘zatom” va “Rosatom” kam quvvatli AES qurish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Loyiha Rossiya ishlanmasi — RITM-200N bosimli suv reaktoriga asoslangan bo‘lib, u quruqlikda joylashtirish uchun kema texnologiyasini moslashtirish natijasidir. RITM-200N reaktorining issiqlik quvvati — 190 MVt, elektr quvvati — 55 MVt, xizmat muddati — 60 yilgacha.
Shavkat Mirziyoyev OAVga bergan bayonotida Dunyoda deyarli barcha davlatlar energetik xavfsizlik va barqaror rivojlanishni atom energetikasi hisobiga ta’minlashini, O‘zbekistonda uran zaxiralariga mavjudligi hamda uni uchinchi davlatlarga eksport qilayotgan mamlakat sifatida bu loyiha hayotiy ahamiyatga ega ekanligini qayd etgandi.
Atom energiyasi agentligi matbuot xizmati “Spot"ga kam quvvatli atom elektr stansiyasining birinchi reaktorini ishga tushirish besh yildan keyinga mo‘ljallanganini ma’lum qilgandi.