Toshkentda uy-joy ijarasi narxlari qimmatlashdi. Bu haqda Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) tahlilida keltirilgan.
Joriy yilning avgust oyida poytaxtda uy-joy ijarasining oshishiga bir nechta omillar, jumladan, sentabrdan OTMlarida yangi o‘quv yilining boshlanishi bo‘yicha kutilmalar ta’sir ko‘rsatdi.
O‘tgan oyda poytaxtda o‘rtacha ta’mirlangan xonadonlar uchun ijara narxlari iyul oyiga nisbatan o‘rtacha 1,9%ga, to‘liq ta’mirlangan xonadonlar uchun esa 0,3%ga oshdi.
O‘rtacha ta’mirlangan uy-joy ijarasi
O‘rtacha ta’mirlangan uy-joy ijarasiga talabning oshishi bo‘yicha kutilmalar mazkur turdagi uylar ijara narxlariga ta’sir ko‘rsatdi.
Avgust oyida ijara narxlari iyul oyiga nisbatan o‘rtacha ta’mirlangan 1 xonali uylar uchun 1,3%ga, 2 xonali — 2,1%ga, 3 va 4 xonali uylar uchun mos ravishda 1,7% va 2,5%ga oshdi.
O‘rtacha ta’mirlangan xonadonlar uchun nisbatan arzon ijara narxlari quyidagi tumanlarida taklif etilgan:
- Sergeli: 1 xonali — $285, 2 xonali — $348, 3 xonali — $387, 4 xonali — $460;
- Olmazor: 1 xonali — $301, 2 xonali — $359, 3 xonali — $414, 4 xonali — $471.
Eng qimmat ijara narxlari esa quyidagi tumanlarda kuzatildi:
- Mirobod: 1 xonali — $350, 2 xonali — $445, 3 xonali — $550, 4 xonali — $736;
- Yakkasaroy: 1 xonali — $349, 2 xonali — $455, 3 xonali — $585, 4 xonali — $603.
To‘liq ta’mirlangan uy-joylar ijarasi
Avgust oyida bu turdagi 3 va 4 xonali xonadonlar uchun taklif etilgan o‘rtacha ijara narxlari iyul oyiga nisbatan pasaydi. Biroq, 1 va 2 xonali uylar uchun taklif etilgan o‘rtacha ijara narxlarida o‘sish kuzatildi.
Xususan, 3 xonali uylar ijarasi 0,4%ga, 4 xonali uylar 2%ga arzonlashgan bo‘lsa-da, 2 xonali xonadonlar ijarasi o‘rtacha 0,1%ga, 1 xonali esa 3,4%ga qimmatlashdi.
To‘liq ta’mirlangan uylarning eng arzon ijara narxlari quyidagi tumanlarda qayd etildi:
- Sergeli: 1 xonali — $335, 2 xonali — $416, 3 xonali — $501, 4 xonali — $634;
- Uchtepa: 1 xonali — $377, 2 xonali — $437, 3 xonali — $563, 4 xonali — $669.
Eng qimmat ijara narxlari esa quyidagi tumanlarda kuzatildi:
- Mirobod: 1 xonali — $456, 2 xonali — $688, 3 xonali — $1 006, 4 xonali — $1 274;
- Shayxontohur: 1 xonali — $421, 2 xonali — $715, 3 xonali — $1 014, 4 xonali — $1 279.
Avvalroq Timurmalik Elmuradov O‘zbekiston uy-joy bozorini tahlil qilgandi. Uning fikricha, mamlakatda xonadonlar yetishmovchiligi mavjud, shuning uchun ham ular yana uzoq vaqt qimmatligicha qoladi.