Yo‘lning chetki chap qatorida harakatlangan yuk avtomobillarini jarimaga tortish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Senati matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning 10-sentabr kuni Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun dastlabki tarzda muhokama qilindi.
Qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga foto va video qayd etish texnika vositalari orqali aniqlangan huquqbuzarliklar haqida o‘z vaqtida fuqaroni xabardor etish va chora ko‘rish bilan bog‘liq norma kiritilmoqda.
Bunda yo‘l harakati qoidalari buzilishiga oid ma’lumotlar 48 soat ichida YHXXga yuborilishi belgilanmoqda. Belgilangan vaqtdan o‘tgan holatlar uchun haydovchi ma’muriy javobgarlikka tortilmaydi.
Tez tibbiy yordam va yong‘in-qutqaruv bo‘linmalarining transport vositalari tomonidan kechiktirib bo‘lmaydigan xizmat vazifalarini bajarganlikni tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilishi talabi bekor qilinmoqda.
Shuningdek, skuter, individual harakatlanish vositalari yordamida huquqbuzarlik sodir etganlik uchun, jumladan skuterlar, mopedlar, velosipedlarni hamda ulovli aravani boshqarish, individual harakatlanish vositalari va skuterlarning haydovchilari tomonidan odamlarni tashiganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.
Qonun bilan yo‘l-patrul xizmati xodimlarining xizmatni o‘tash vaqtida yo‘l harakati qoidabuzarligini aniqlaganda qoidabuzarga joyning o‘zida jarima qo‘llash vakolati bekor qilinmoqda.
Yo‘l harakati qoidalarida yuk avtomobillariga faqat chapga burilish yoki qayrilib olish uchun yo‘lning chetki chap qatorini egallashga ruxsat etilib, boshqa hollarda bu taqiqlangan.
Ushbu qoidabuzarlik uchun amaldagi qonunchilikda jazo choralari belgilanmaganligi sababli aksariyat hollarda haydovchilar yo‘llarning chap qatorlarida bemalol harakatlanishmoqda. Natijada, avtomobil yo‘llarida tirbandliklar va avariyali holatlari sodir bo‘lmoqda.
Qonun loyihasi bilan yuk avtomobillarida yo‘lning chetki chap qatorida harakatlanganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda. Biroq, ruxsat etilgan hollar bundan mustasno.
Qayd etilishicha, joriy yilning 7 oyida yuk avtotransport vositalari bilan bog‘liq 303ta yo‘l-transport xodisasi sodir etilgan bo‘lib, natijada 108 nafar fuqaro halok bo‘lgan, 227 nafari esa tan jarohati olgan.
Joriy yilning aprel oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi mazkur qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qilgandi. Iyul oyiga kelib loyiha ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, 1-martdan Toshkentda tig‘iz vaqt oraliqlarida yuk mashinalari harakati taqiqlandi. Bu ruxsat etilgan to‘la vazni 10 tonnadan yuqori bo‘lgan avtotransport vositalariga nisbatan tatbiq etiladi.