11- sentabr kuni Toshkent−Xojikent−Toshkent yo‘nalishidagi poyezdlar harakatiga o‘zgarishlar kiritiladi. Bu haqda “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” matbuot xizmati xabar berdi.
“Texnik sabablarga ko‘ra 2024-yil 11-sentabr kuni 6429/6430-sonli „Toshkent-Xojikent-Toshkent“ yo‘nalishida harakatlanuvchi shaharlararo poyezd Barraj bekatidan qaytishini ma’lum qilamiz”, — deyiladi xabarda.
O‘z navbatida, “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” keltirilgan noqulayliklar uchun uzr so‘radi.
Avvalroq “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” chipta narxlari oshishi sabablarini tushuntirgandi.
Kompaniya 2018-yildan beri tariflar o‘zgarmagan bo‘lsa-da, poyezdlarga texnik xizmat ko‘rsatish xarajatlari sezilarli darajada oshganini qayd etdi.
Iyun oyida “O‘zbekiston temir yo‘llari” tezyurar poyezdlar uchun chiptalar narxini oshirdi. 1-iyuldan “Nasaf”, “O‘zbekiston” va “Sharq” yo‘nalishidagi chiptalar narxi 25%ga oshdi. Bu yil boshidan beri tezyurar poyezdlar narxining ikkinchi o‘sishidir. Yanvar oyida chiptalar narxi 20%ga oshirilgandi.
Bundan tashqari, kompaniya tomonidan “Afrosiyob” tezyurar poyezdlarining chiptalari narxi bir necha bor oshirilgan. Birinchi marta narxlar o‘tgan yilning noyabr oyida 60%ga ko‘tarilgan, keyin esa ikki marta — yanvar va may oylarida oshirildi.
Avvalroq “O‘zbekiston temir yo‘llari” Toshkent-Moskva poyezdlari qatnovini qayta yo‘lga qo‘yishi haqida xabar berilgandi.