“BMW” kompaniyasi tormoz tizimida aniqlangan muammolar tufayli 1,5 mlnga yaqin avtomobilni keng miqyosda chaqirib olishini e’lon qildi. Bu haqda “euronews” nashri xabar berdi.
Kompaniyaning bu qarori Germaniyaning “Continental” avtomobil ehtiyot qismlari ishlab chiqaruvchisi tomonidan yetkazib berilgan elektron tormoz komponentida nuqson aniqlanganidan keyin qabul qilindi.
Qaytarib olishning asosiy sababi tormoz tizimidagi elektron komponentning ehtimoliy nosozligi bo‘lib, bu tormozning oldindan aytib bo‘lmaydigan ishlashiga olib kelishi mumkin.
Ta’kidlanishicha, “Continental” allaqachon muammoni tan oldi va nuqsonli qismlarni almashtirishni boshladi.
Bunday katta miqdordagi chaqirib olish “BMW” kompaniyasi uchun jiddiy oqibatlarga olib keladi.
Kompaniya avtomobillarni qaytarib olish va ta’mirlash bilan bog‘liq katta moliyaviy yo‘qotishlarni kutmoqda.
Bundan tashqari, bu brend obro‘si va iste’molchilar ishonchiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin, deb yozadi nashr.
Qayd etilishicha, qaytarib olishdan tashqari, mijozlarga hali yetkazib berilmagan 320 mingta avtomobil yetkazib berish to‘xtatiladi.
Avvalroq “Spot” “BMW” AQShda 720 mingdan ortiq avtomobilini, shuningdek, butun dunyo bo‘ylab 140 mingdan ortiq elektromobillarini chaqirib olishi haqida yozgandi.