Xitoyning “China Southern” aviakompaniyasi O‘zbekistonga reyslar sonini ko‘paytirishni rejalashtirmoqda, deya xabar berdi Transport vazirligi.

Aviakompaniya vakillari 10-sentabr kuni rasmiylar bilan uchrashib, aviatsiya idoralari o‘rtasidagi kelishuvlarning bajarilishini muhokama qildi.

Tomonlar parvozlar chastotasini oshirish, shuningdek, ularning geografiyasini kengaytirishga kelishib oldilar.

Pekin-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha haftalik reyslar soni 4tadan 7taga, Urumchidan Toshkentga 3tadan 4taga ko‘paytiriladi.

Bundan tashqari, 2025yildan boshlab “China Southern” haftada uch marta Urumchi orqali Guanchjoudan Toshkentga uchadi.

Bungacha aviakompaniya 2023-yil avgust-sentyabr oylarida O‘zbekistonga parvozlarni kengaytirgan edi.

Keyin Urumchidan Samarqandga ucha boshladi, shuningdek, Toshkent va Pekin o‘rtasidagi reyslar chastotasini haftasiga to‘rttagacha oshirdi.

Iyun oyida bo‘lib o‘tgan C5+1 fuqaro aviatsiyasi konferensiyasida O‘zbekiston va Xitoy mamlakatlar o‘rtasidagi umumiy parvozlar sonini haftasiga 100 taga yetkazishga kelishib oldi. Uchishga ruxsat berilgan kompaniyalar soni ikki baravar ko‘paydi.

Hukumat tomonidan tayinlangan xitoylik aviatashuvchilar Xitoyning istalgan shahridan O‘zbekistondagi barcha xalqaro aeroportlarga rejali reyslarni amalga oshirish huquqiga ega bo‘ladi.

O‘z navbatida, O‘zbekiston kompaniyalari uchun ochiq bo‘lgan Xitoy havo bandargohlari soni 12taga ko‘payadi.


Avvalroq “Spot” Xitoy aviakompaniyasi O‘zbekistonga muntazam yuk qatnovlarini yo‘lga qo‘yayotgani haqida yozgandi.