2024−2025-yillarda odamlar o‘zini o‘zi band qilishi, kichik va o‘rta tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun mikrokreditlar ajratishga 10 trln so‘m beriladi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Shuningdek, kambag‘al oilalarga 30 mln so‘mgacha uskuna, ko‘chma do‘kon (fud-trak), motoroller, skuter kabi vositalar 5 yilda bo‘lib to‘lash sharti bilan beriladi.
Kambag‘al oila farzandlariga kompyuter sotib olish uchun 5 yilga 2 yillik imtiyozli davr bilan foizsiz kredit ajratiladi.
“Zarbdor tajribasi” asosida sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmatlar sohasida kamida 5 tadan “drayver” loyihani infratuzilma bilan ta’minlash uchun yil yakunigacha 500 mlrd so‘m, kelasi yili yana 1 trln so‘m ajratiladi.
Hokimlarga bu loyihalarni tezlashtirib, yil oxirigacha 150 ming aholini ishli qilish topshirildi.
Savdo-sanoat palatasi huzurida ishlash istagi bor kambag‘al aholi orasidan tadbirkorlarga ishchi topib, ularni tayyorlab beradigan markaz tashkil qilinadi.
Ushbu markaz orqali qaysi yo‘nalishda qancha ishchi kerakligi o‘rganiladi, kambag‘al aholi nimaga qiziqishi va ko‘nikmasi borligi aniqlanadi, tadbirkorlar talabiga mos kambag‘al oila a’zolari ishga yo‘naltiriladi, malakasi yetmaganlar esa tadbirkorlar bilan birga kasbga o‘qitilib, keyin ishli qilinadi.
Umuman, aytilgan barcha imkoniyatlar hisobiga yil yakunigacha 500 ming, bir yilda 1,2 mln aholini kambag‘allikdan chiqarish mas’ul vazirlik va idoralar rahbarlari, viloyat hokimlari oldiga vazifa qilib qo‘yildi.
Prezident har bir kambag‘al oilada, ayniqsa, xotin-qizlar orasidan kamida 1 nafar oliy ma’lumotli bo‘lishi uchun sharoit yaratilishini e’lon qildi. Bunda:
- oliygoh, kollej va texnikum talabalarining o‘zlashtirish ko‘rsatkichi kamida 80% bo‘lsa, ularga keyingi o‘quv yili uchun foizsiz ta’lim krediti beriladi;
- oliygoh, kollej yoki texnikumga kirishda grant uchun yetarli ballni 80%ini to‘plagan kambag‘al oila farzandlariga qo‘shimcha grant ajratiladi.
Bundan tashqari, moliyaviy mustaqil bo‘lgan oliygohlarni har biri yiliga kamida 1 mlrd so‘mlik grant e’lon qiladi.
Bu grantlar hisobidan, fanlarni o‘zlashtirishidan kelib chiqib, kambag‘al oila farzandlari kontraktining 20%dan 80%gacha qismi qoplab beriladi.
Kambag‘al oilalar farzandlarini bog‘cha, maktab, texnikum va oliygohlarda sifatli ta’lim olishini tashkil qilish, ularga har tomonlama ko‘mak berish masalalarini muvofiqlashtirish Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva zimmasiga yuklatildi.
Avvalroq “Spot” prezident kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha qilinadigan ishlar yuzasidan vazifalar belgilab bergani haqida yozgandi.