11-sentabr kuni oltin quyma va esdalik tangalar narxi yangi yuqori darajaga yetdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lum qildi.
Bir gramm oltin tannarxi 1 mln 62 ming 760 so‘mga yetdi yoki o‘tgan kunga nisbatan 1,1%ga qimmatladi. Besh grammlik o‘lchagich 5 mln 314 ming so‘mdan taklif qilinmoqda.
Regulyator tomonidan oltin quymalari bo‘yicha taqdim qilingan ma’lumotga ko‘ra:
- 5 gramm o‘lchovli oltin quyma narxi 5 mln 314 ming so‘m;
- 10 gramm oltin quyma narxi 10 mln 628 ming som;
- 20 gramm oltin quyma narxi 21 mln 255 ming so‘m;
- 50 gramm oltin quyma narxi 53 mln 138 ming so‘mni tashkil qiladi.
O‘tgan oy davomida qimmatbaho metallar uchun kotirovkalar besh marta yangi rekord darajaga yetdi. Yil boshidan beri oltin chorak, 12 oy ichida esa 35,8%ga qimmatlashdi.
Oltinning global narxi ayni paytda troya unsiyasi uchun $2530ga yaqinlashdi.
Xabar nashr qilinayotgan vaqtda “Trading Economics"da oltin narxi $2527ni tashkil qildi.
Avvalroq “Spot” O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari rekord ko‘rsatkichga — $39,15 mlrdga yetgani haqida yozgandi.
Avgust oyida xalqaro aktivlar qiymati $1,75 mlrdga yoki taxminan 4,7%ga oshgan. Hozir bu 2018-yildan statistik ma’lumotlar e’lon qilina boshlanganidan beri maksimal darajalardan biridir.