Yandex Uzbekistan rahbari lavozimiga Izzat Shukurov tayinlandi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati “Spot"ga xabar berdi.
Endilikda u kompaniyaning mamlakatdagi xizmatlarini rivojlantirish, “Yandex” texnologiyalari, mahsulotlari va xalqaro tajribasi asosida foydalanuvchilar va biznes uchun yangi imkoniyatlar yaratishga mas’ul bo‘ladi.
“Mening kompaniyadagi vazifam — “Yandex"ning O‘zbekistondagi o‘sish imkoniyatlarini topish va bir vaqtning o‘zida mamlakatga “Yandex” tashabbuslari va loyihalari orqali yordam berish. Ko‘plab yoshlar “Yandex'da ishlashni orzu qiladilar, kompaniyaning ta’lim loyihalari va yoshlarni xalqaro IT-hamjamiyatiga integratsiya qilish loyihalari bugungi kunda ham O‘zbekistonning texnologiyalar sohasidagi rivojlanishiga hissa qo‘shmoqda, biz bunday loyihalar sonini ko‘paytirish ustida birgalikda ishlaymiz”, — dedi o‘z tayinlovini izohlar ekan Izzat Shukurov.
Bungacha Izzat Shukurov texnologiyalar va elektron savdo sohasidagi kompaniyalar va loyihalarni, jumladan “Payze” fintex kompaniyasining Markaziy Osiyo mintaqasidagi faoliyatini boshqargan.
Shuningdek, u “Newmax Technologies” kompaniyasi direktori sifatida O‘zbekistonda “Maxtrack” transportni boshqarish yechimini, “Workly” ish vaqtini hisobga olish tizimini, “MyTaxi” taksi agregatorini va “Express24” oziq-ovqat yetkazib berish xizmatini joriy etishda ishtirok etgan.
Joriy yilning iyul oyida “Yandex Uzbekistan” kuzda mamlakatdagi biznesini rivojlantirish maqsadida Toshkentda ofis ochishi ma’lum bo‘lgandi. Undan keyin, IT-mutaxassislar uchun amaliyot dasturini ishga tushirdi.