5-sentabr kuni davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan, davlat tibbiy sug‘urtasi doirasida bepul tibbiy xizmatlar ko‘rsatish va dori vositalarini taqdim etish budjetga to‘lanayotgan soliqlar hisobidan amalga oshiriladi. Bunda aholidan davlat tibbiy sug‘urtasi uchun qo‘shimcha to‘lov undirilmaydi.

Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari bosqichma-bosqich joriy etiladi. Budjet mablag‘lari hisobidan qoplanadigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari tasdiqlanadi va bu paketga kiritilgan tibbiy xizmatlar va dori vositalari Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan taqdim etiladi.

Bunda tibbiy xizmatlardan bepul foydalanish uchun belgilangan muddatlarda tibbiy ko‘riklardan o‘tish, oilaviy shifokorga yoki tibbiyot brigadasiga murojaat qilish kerak bo‘ladi.

Shifokor rasmiylashtirgan elektron retsept asosida dori vositalari kafolatlangan paket doirasida bemorlarga dorixonalar tomonidan bepul beriladi va dorixonalarning tegishli sarf-xarajatlari jamg‘arma mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Tibbiyot tashkilotlari faoliyatidagi jarayonlarni o‘z ichiga oluvchi “Elektron sog‘liqni saqlash” axborot tizimi yaratiladi hamda ishga tushiriladi. Kafolatlangan paketga kiritilgan tibbiy xizmatlarni ko‘rsatishga davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlari jalb etiladi.

Tuman (shahar), viloyat va respublika shifoxonalarida tibbiy yordam ko‘rsatishda kasallikning og‘irlik darajasidan kelib chiqib, bepul davolanadigan kasalliklar ro‘yxati tasdiqlanadi va amaliyotga joriy etiladi.

Shuningdek, imtiyozli toifadagi shaxslar shifokor ko‘rsatmasi asosida budjet mablag‘lari hisobidan bepul davolanadi. Buning uchun ularga tizim orqali yo‘llanma shakllantiriladi.

2025-yilning 1-iyulidan ayrim fuqarolar davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari joriy etilgan hududlardagi tibbiyot muassasalarida rejali statsionar tibbiy yordamni elektron navbat asosida bepul olish huquqiga ega bo‘ladi.

Bular qatorida jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i yoki ijtimoiy soliq to‘lovchilari, mehnat stajini hisoblab chiqarish uchun belgilangan miqdorlarda soliq to‘lagan shaxslar bor.

Shuningdek, quyidagilarga ham elektron navbat asosida bepul tibbiy yordam beriladi:

  • voyaga yetmaganlar;
  • o‘quvchi-talabalar;
  • homilador ayollar va ikki yoshga to‘lmagan bolasini parvarishlayotganlar;
  • ishsiz sifatida rasmiy ro‘yxatdan o‘tganlar;
  • pensionerlar;
  • “yagona reyestr” orqali kam ta’minlangan deb topilgan oilalarning a’zolari.

Bundan tashqari, 2027-yildan boshlab bir yil davomida kamida 6 oy JShODS yoki ijtimoiy soliq to‘laganlar uchun davlat tibbiy sug‘urtasi tizimida yuqori texnologik tibbiy yordam bepul amalga oshiriladi.

Joriy yilning may oyida Shavkat Mirziyoyev Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar va yangi takliflar taqdimoti bilan tanishgandi. Unda joriy yilda Toshkent shahrida davlat tibbiy sug‘urta mexanizmlari joriy etilishi ma’lum qilingandi.

Sog‘liqni saqlash vaziri v.b. Asilbek Xudayarov joriy yilda O‘zbekistonda elektron retsept tizimiga o‘tilishini qayd etgandi. Bu tizim keraksiz dori-darmonlarni retseptlashning oldini oladi va kontrabandaga qarshi kurashda yordam beradi.