Avvalroq davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan prezident qarori qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan, 2024-yil yakunigacha “Elektron poliklinika” va “Elektron shifoxona” axborot tizimlari amaliyotga joriy etiladi.
Shuningdek, davlat tibbiy sug‘urtasining axborot tizimi ishlab chiqilib, ishga tushiriladi.
Tibbiyot muassasasi rahbarining vakolatlari kengaytirilmoqda. Ular muassasaning quvvati doirasida bo‘linmalar ixtisoslashuvini, ulardagi davo o‘rinlari sonini o‘zgartirish hamda ajratilgan mablag‘lar doirasida xodimlar sonini ish hajmiga muvofiq belgilashlari mumkin bo‘ladi.
Tibbiyot muassasalari uchun tasdiqlangan shtat me’yorlari tavsiyaviy tusga ega hisoblanadi. 2025-yilning 1-iyulidan tibbiyot va farmatsevtika xodimlari mehnatiga haq to‘lashning alohida tartibi hamda shartlari tatbiq etiladi.
Shuningdek, ko‘rsatilayotgan tibbiy yordamning tasdiqlangan standart hamda protokollarga muvofiqligi va sifati nazorat qilinadi.
Kelasi yilning 1-apreligacha budjeti mablag‘lari hisobidan imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslar davolanadigan kasalliklar ro‘yxati hamda bazaviy narxlari qayta tasdiqlanadi. Bunda ro‘yxat kasalliklarni davolash yo‘nalishlari asosida barcha tibbiyot tashkilotlari uchun belgilanadi.
Joriy yilning mart oyida Toshkentda “Elektron poliklinika” tizimining yangi versiyasi ishga tushirildi. Bu orqali navbat kutish vaqti qisqartirilib, avtomatik hisobot shakllanishi orqali oylik 28 turdagi blanka va formalar bekor qilindi.
Sentabr oyi boshida Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘inini takomillashtirish hamda tibbiy sug‘urta mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha taqdimot bilan tanishgandi.