Shavkat Mirziyoyev 10-sentabr kuni Toshkent shahrining Yangi O‘zbekiston ko‘chasidagi qurilish va obodonlashtirish loyihalari bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur ko‘cha hududi 960 gektarni, uzunligi 11 km.ni, eni esa 86 metrni tashkil etadi. Shaharni kengaytirish hamda turizm salohiyatini oshirish maqsadida direksiya tuzildi.
Shu bilan birga, “Yangi O‘zbekiston ko‘chasi” ishbilarmonlik markazini qurish hamda ekspluatatsiya qilish, infratuzilmani rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqildi.
Konsepsiya asosida mazkur ko‘chada milliy arxitekturani hisobga olgan holda, 2 mln kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan o‘rta qavatli, 8 xil milliy ko‘rinishdagi savdo-xizmat ko‘rsatish obyektlari, jumladan, mehmonxona, kinoteatr, restoran hamda zamonaviy majmualarni qurish rejalashtirilmoqda.
Loyihalardan ma’lum bo‘lishicha, ko‘chaning 37 gektar maydonida kam qavatli turar joy majmuasi tashkil etiladi. Bir nechta 4−5 qavatli, birinchi qavati noturar bo‘lgan turar-joy binolari ham qurilishi belgilanmoqda.
“Yangi O‘zbekiston” ko‘chasida 3 metr enlikdagi granit va beton qoplamali piyoda, 2 metr enlikdagi beton qoplamali velosiped yo‘laklari tashkil etiladi. Shu bilan birga, yer osti va yer usti yo‘laklari hamda sayilgoh tashkil etilishi, yon atrofida qo‘shimcha mahalliy yo‘l qurilishi ko‘zda tutilgan.
“Yangi O‘zbekiston” ko‘chasining “Toshkent-Sharqiy” aeroporti hamda past qavatli uylar hududida bulvar kompozitsiya tashkil etiladi. Ko‘chaning ikki tarafida chinor, eman, lola daraxti, katalpa, pisardiya, kiparis, Hind nastarini, lavanda, Suriya atirguli kabi daraxt va butalar dekorativ shaklda ekiladi.
“Yangi O‘zbekiston ko‘chasi” ishbilarmonlik markazi direksiyasi rahbari Nuriddin Sagatovning “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida qayd etishicha, loyihani 2025-yilning ikkinchi choragida yakunlash belgilangan.
“Muhtaram prezidentimiz „Yangi O‘zbekiston“ ko‘chasi bo‘ylab, 7 km masofada landshaft kompozitsiyalarini tashkil etishning zamonaviy ko‘rinishlarini tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma bergandilar. Biz shu yo‘nalish bo‘yicha bir nechta takliflarni ishlab chiqib, loyihani taqdim etdik. Ko‘cha saloyihatidan kelib chiqadigan bo‘lsak, ko‘cha boshqa davlardan yuqori martabali mehmonlarning kelishi davomida ko‘cha xizmat ko‘rsatishi inobatga olinib, yuqorida darajada tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi”, — dedi “Yangi O‘zbekiston ko‘chasi” ishbilarmonlik markazi direksiyasi rahbari Nuriddin Sagatov.
Uning ta’kidlashicha, loyiha doirasida 28 mingdan ortiq daraxt ekiladi. Kuzgi mavsumda “yashil makon” umummilliy loyihasi asosida 500 mingdan ortiq ko‘chatlar o‘tqiziladi. Jarayon noyabr oylarida boshlanadi.
Bundan tashqari, “Yangi O‘zbekiston” ko‘chasi bo‘ylab, “Jasorat” ko‘chasi kesishmasida hiyobon tashkil etish taklif qilinmoqda. Undan simmetrik shakldaggi musiqiy favvoralar, gulzorlar joy oladi. Yer gorizontak holatda ko‘tarilib, vertikal holatda alohida sun’iy tepaliklar paydo bo‘ladi.
Hududga xorijiy va mahalliy investorlar jalb qilinadi hamda gastronomik ko‘cha sharoiti yaratiladi. Rasmiy bayramlar ham mazkur hududda tashkil etiladi. Obyektlarni qo‘riqlashda “aqlli” markaz konsepsiyasi asoslangan boshqaruv tizimini joriy etish taklif qilinmoqda.
Avvalroq Toshkent halqa avtomobil yo‘lining Mirzo Ulug‘bek tumani, Temur Malik ko‘chasidan o‘tgan qismi rekonstruksiyadan keyin ochilgani haqida xabar berilgandi.
Prezident THAY bo‘yicha boshqa chorrahalarda ham yo‘l o‘tkazgichlar qurishni topshirdi. Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Jamshid Tursunovning qayd etishicha, poytaxt hokimligi bilan chorrahalar xatlovdan o‘tkazilib, yangi inshootlar foydalanishga topshiriladi.