“SpaceX” kosmik kompaniyasi orbitaga “Polaris Dawn” nomli birinchi xususiy missiyasini olib chiqdi, deya xabar bermoqda “Space.com”.

10-sentabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 14:24da “Crew Dragon” kemasi bilan “Falcon 9” raketasining uchirilishi bo‘lib o‘tdi.

Qurilma Floridadagi Jon Kennedi markazining uchirish maydonidan havoga ko‘tarildi va 18 soatdan so‘ng maksimal 1400 km orbitaga yetdi.

“Polaris” dasturidagi uchtadan birinchisi bo‘lgan missiya milliarder Jared Ayzekman tomonidan moliyalashtirildi.

Shuningdek, jamoaga AQSh harbiy-havo kuchlarining iste’foga chiqqan ofitseri Skott Potit, “SpaceX” muhandislari Anna Menon va Sara Jillis kiradi.

polaris dawn, space x

“Polaris Dawn” ekipaji orbitada besh kun bo‘ladi. Noprofessional astronavtlar tomonidan amalga oshiriladigan birinchi kosmik yurish 12-sentabrga rejalashtirilgan.

Uchirishdan asosiy maqsad kompaniya tomonidan ishlab chiqilgan EVA skafandrlarini, jumladan, kosmik kemadan tashqarida sinovdan o‘tkazishdir, deb yozadi “Space.com”.

Ekipaj, shuningdek, “Starlink” sun’iy yo‘ldosh tarmog‘i orqali xabarlarni uzatishni o‘z ichiga olgan yana bir necha o‘nlab tajribalarni o‘tkazadi.

“Polaris” missiyasiga tayyorgarlik 2022-yil boshidan boshlab olib borilmoqda. Dastlab, birinchi ishga tushirish o‘sha yilning to‘rtinchi choragida amalga oshirilishi rejalashtirilgan edi, biroq u turli sabablarga ko‘ra bir necha bor qoldirildi. Oxirgi marta ob-havo va texnik nosozliklar tufayli avgust oyining oxiriga qoldirilgan edi.


Avvalroq “Spot” Ilon Mask odamlarni 2028-yilda “Starship” kosmik kemasida Marsga olib bormoqchi ekanligi haqida yozgandi.

Shuningdek, “SpaceX” rahbari yaqin 20 yil ichida qizil sayyorada shahar yaratishni rejalashtirmoqda.