Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida mahallalarda kambag‘allikni qisqartirish, kambag‘al oilalar bilan ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.
“Spot” unda ko‘tarilgan muammolar va ularning yechimlari bo‘yicha bildirilgan muhim taklif va topshiriqlarni bir joyga jamladi.
Ishlar sust
Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ishlar ahvoli hamma viloyat va tumanda bir xil emasligi qayd etildi.
Mamlakatning 15ta tumanida, jumladan, Amudaryo, Beruniy, Qonliko‘l, Nukus, Taxtako‘pir, Xo‘jayli, Chimboy, Guliston, Mirzaobod, Oqoltin, Sardoba, Gurlan, Yangiariq, Yangibozor va Tuproqqal’a tumanlarida kambag‘allik 20%dan yuqori.
Bu tumanlarda kambag‘allikni qisqartirish uchun uch yilda 1,7 trln so‘mlik arzon kredit va subsidiya berilgan bo‘lsada, o‘zgarish bo‘lmagan.
Aholiga bo‘lib berilgan yerlar bo‘yicha 16ta tumanda 2−3 martadan hosil olish hisobiga kambag‘allik 2 karra kamaydi. Bular — Paxtaobod, Baliqchi, Gurlan, Xonqa, Oltiariq, Dang‘ara, Konimex, Boyovut, Jomboy, Shofirkon, Sh.Rashidov, Zomin, Shahrisabz, O‘rtachirchiq, Bo‘ka, Taxiatosh tumanlari.
Lekin, 14ta tuman — Qonliko‘l, Shumanay, Qorovulbozor, Peshku, Chiroqchi, Muborak, Nurobod, Oqoltin, Muzrabot, Bandixon, Qiziriq, Ohangaron, Parkent, Tuproqqal’ada o‘zgarish sezilmayapti.
Tuman hokimlari, ularning iqtisodiyot va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosarlariga bu boradagi faoliyati sustligi bo‘yicha qat’iy e’tiroz bildirildi.
Kambag‘al oilalarning 35% ishga layoqatli a’zolarida bilim kam
Prezident topshirig‘iga ko‘ra, mutasaddilar masalani ichiga chuqurroq kirdi, eng og‘ir mahalladagi nochor oilalarga borib, nimaga ko‘proq e’tibor berish kerakligini o‘rgandi.
Bu masalada savdo, servis, to‘qimachilik, tibbiyot, ovqatlanish, qurilish, kasanachilik, elektrotexnika, transport sohasi tadbirkorlari bilan aniq muhokamalar o‘tkazildi. O‘rganishlar kambag‘allikni faqat pul tarqatish bilan hal qilib bo‘lmasligini ko‘rsatmoqda.
Hozirda 3−5 mln so‘mgacha oylik beraman degan korxonalarda 250 mingta bo‘sh ish o‘rni bor. Lekin, kambag‘al oilani 35% ishga layoqatli a’zolarida bilim va ko‘nikma kam.
Bola parvarishi bilan band bo‘lgani uchun ishlash xohishi bo‘lgan ayollarning 43%i ishga bora olmayapti.
Kambag‘al oilalarning 83%ida katta tomorqa bor. Lekin, ularning 62%ida — suv, 48%ida — elektr muammosi bor, yana 50%i markazdagi bozorga borishga qiynaladi.
Ayrim yerlar baliqchilik kooperatsiyalariga beriladi
Mamlakat bo‘yicha kamida 50ta ish o‘rni yaratgan 9 200ga yaqin tadbirkor bor. Ular avgust oyida o‘tgan prezident bilan ochiq muloqotdan ruhlanib, ko‘nikmasi va xohishi bor 500 ming odamga ish berishga tayyorligini bildirgan.
Masalan, Baliqchi tumanidagi tadbirkor Xitoy tajribasi asosida kooperatsiya tizimini joriy etib, 520 nafar kambag‘al aholini ishli qilish tashabbusi bilan chiqyapti.
Tadbirkorga kredit berilsa, viloyatning har bir tumanida 1tadan korxona ochib, unga 30 nafar ehtiyojmand oila vakilini ulushdor qilib kirgizib, 4−5 mln so‘mgacha oylik to‘lamoqchi. Bunda, faqat ehtiyojmand odamlarni ishga olish — kreditning asosiy sharti bo‘ladi.
Andijon viloyatidagi qolgan 58ta parranda korxonasi ham 4−5tadan shunday loyiha qilib, 10 ming ehtiyojmand aholini ish bilan ta’minlashga tayyor.
Viloyatdagi 660ta baliq xo‘jaligi kooperatsiya orqali 10 mingta yangi ish joyi yaratishnitashabbus qilgan.
Bunday tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash muhimligini ta’kidlab, prezident mutasaddilarga bu kabi loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha yangi tizim yaratishni topshirdi.
Andijondagi nasos stansiyalari yonidan kamida 10 gektar yerda 30 sotixlik maydonlar baliqchilik kooperatsiyalariga taklif qilinadi.
Ushbu tajribalarni yo‘lga qo‘yish orqali parranda va baliqchilikda kamida 200 ming ehtiyojmand aholini band qilish mumkin.
Umumiy ovqatlanish korxonalariga soliq yengilligi berilishi mumkin
Umumiy ovqatlanish sohasiga berilgan yengilliklar natijasida sohadagi yirik brendlar qisqa muddatda Samarqand, Andijon va poytaxtda 2 ming odamga ish berdi.
Ikki yil avval umumiy bu sohaga ijtimoiy soliqdan imtiyoz berilgandi. Tadbirkorlarga shu imtiyoz yana 2 yilga uzaytirib berilsa, ular 150 ming ehtiyojmand aholini ish bilan ta’minlashga tayyor.
Ayrim korxonalar call-markaz tashkil qilib, hozirni o‘zida 2 ming nafar nogironligi bo‘lgan aholiga kompyuter va telefon olib berish orqali ularni uyini o‘zida ish bilan ta’minlamoqchi.
Xizmatlar sohasidagi tadbirkorlar kambag‘al aholini ishli qilaman desa, imtiyoz muddatini yana uzaytirish mumkinligi ta’kidlandi.
Aholini band qilgan korxonalarga ijtimoiy soliqdan imtiyoz uch yilga uzaytiriladi
Hozir sanoatda eng ko‘p ish o‘rni yaratadigan soha to‘qimachilik ekanligi qayd etildi. Tadbirkorlar 2 yil avval tayyor trikotaj, bo‘yalgan mato va gazlama korxonalariga ijtimoiy soliqdan berilgan imtiyozni uzaytirib berishni so‘ramoqda.
Agar korxonalar kambag‘al aholini band qilsa, o‘sha ishchiga ijtimoiy soliqdan imtiyoz yana uch yilga saqlanib qoladi. Ushbu imtiyoz nafaqat to‘qimachilikka, balki barcha sohadagi korxonalarga beriladi.
Bu imkoniyatdan foydalanib, to‘qimachilik, qurilish materiallari, charm-poyabzal va hunarmandchilikda 120 ming, dehqonchilik va chorvachilikda 120 ming, qurilish sohasida 25 ming, elektrotexnikada 20 ming kambag‘al aholini ishli qilish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.
50 ming gektar yer kambag‘al oilalarga beriladi
Bir yil davomida yana 50 ming gektar yerni 100 mingta kambag‘al oilaga bo‘lib berish rejalashtirilgani ma’lum qilindi.
Ushbu yerlarda “kompaniya — kooperativ — dehqon xo‘jaligi” tamoyili asosida dehqonchilik va bog‘dorchilik tashkil etiladi.
Yerdan quyidagicha, uch xil daromad olinadigan yangi tizim yaratiladi:
- qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtiruvchi va eksport qiluvchi katta kompaniya kambag‘al oilalardan yerni ikkilamchi ijaraga oladi;
- yoki yer egalari ulushdor sifatida kooperatsiyaga birlashib, kompaniyalardan buyurtma oladi va topilgan daromad ular o‘rtasida taqsimlanadi;
- har ikki holatda ham ushbu aholi yerda o‘zi mahsulot yetishtirib, buning uchun oylik oladi.
Bunda kambag‘al oila o‘ziga berilgan yerdan yanada samarali foydalanib, oylik olish bilan birga, ijara yoki dividenddan daromad ko‘radi.
Mutasaddilarga viloyat hokimlari bilan birgalikda bu orqali kamida 200 ming aholini band qilish topshirildi.
Bosh prokurorga kambag‘al oilalarni o‘rganish uchun alohida o‘rinbosar tayinlandi
Prezident bundan buyon hukumatdan tortib tuman tashkilotigacha barcha bo‘g‘indagi rahbarlarning kundalik ishi oilalarni kambag‘allik sharoitidan olib chiqish bo‘lishi kerakligini ko‘rsatib o‘tdi.
Mutasaddilar bu borada nazorat ham, so‘rov ham qattiq bo‘lishi haqida ogohlantirildi. Bosh prokurorning sohaga oid qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazorat uchun mas’ul alohida o‘rinbosari tayinlandi.
U har hafta kamida bitta tumanga borib, kambag‘al oilalarni reyestrga kiritish va chiqarishning haqqoniyligini o‘rganadi, kambag‘al oilalarga berilayotgan mablag‘lar egasiga manzilli yetib borishini nazorat qiladi.
Kambag‘allikni qisqartirish bilan shug‘ullanuvchi komissiya tuziladi
Bosh vazir o‘rinbosari boshchiligida kambag‘allikni qisqartirish masalalari bilan shug‘ullanuvchi komissiya tuzilishi belgilandi. Ijtiimoiy himoya agentligi direktori unga o‘rinbosar bo‘ladi.
Viloyat va tuman komissiyalariga hokimlar boshchilik qiladi. Komissiya har bir viloyatda bittadan tumandagi ishlarni haftalik muhokama qilib, biriktirilgan rahbarlar faoliyatiga baho beradi.
Joylarda ko‘tarilgan masalalarni zudlik bilan hal qilib boradi. Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha rejalar ijrosi yuzasidan har oyda prezidentga axborot kiritadi.
Shuningdek, 9ta iqtisodiy tadqiqot markazlari va oliygohlari ham ilmiy yondashuvlar asosida kambag‘allikni qisqartirish masalalari bilan shug‘ullanishi belgilandi.
Kelgusi uch yilda kambag‘allik darajasini 11%dan 7%ga qisqartirish rejalashtirilgan. Hozirgi tizimda kambag‘al oilani tanlashda aniqlik, mablag‘ ajratishda yaxlitlik yetishmasligi qayd etildi. Avvalroq kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy himoya bir tizimda bo‘lishi ma’lum qilingandi.
Tahlillardan kelib chiqib, kambag‘allikni aniqlash mezonlari va manzilli ro‘yxati shakllantiriladi. Unga “Ijtimoiy himoya yagona reyestri"dagi hamda kambag‘allikka tushish xavfi yuqori bo‘lganlar kiritiladi.