Shavkat Mirziyoyev raisligida mahallalarda kambag‘allikni qisqartirish, kambag‘al oilalar bilan ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
Mahallada kambag‘allikni qisqartirish, tadbirkorlik loyihalariga 35 trln so‘m arzon kredit, 7 trln so‘m subsidiya berilgani ta’kidlandi.
Mahallalarni obod qilish, bog‘cha, maktab, tibbiyot, yo‘l, suv va elektr infratuzilmasi uchun 120 trln so‘m ajratildi.
Prezident kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ishlar ahvoli hamma viloyat va tumanda ham bir xil emasligini ko‘rsatib o‘tdi.
Masalan, o‘tgan olti oyda Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo va Xorazmda kambag‘allik 2 foizdan ortiq kamaygan bo‘lsa, Navoiy, Surxondaryo, Farg‘ona va Toshkent shahrida o‘zgarish bo‘lmagan.
Hozirda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha keyingi yillar uchun juda katta “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi tayyorlanayotgani ma’lum qilindi.
Unda yettita imkoniyat va mas’uliyat tamoyili asosida O‘zbekistonning navbatdagi yangi yondashuvlari belgilab beriladi.
Davlat rahbarining qayd etishicha, bundan buyon kambag‘allikni qisqartirish umummilliy harakatga aylanadi.
Mutasaddilarga har bir mahallani to‘liq xatlovdan o‘tkazib, ulardagi “kambag‘al oilalar portreti"ni ishlab chiqish topshirildi.
Kambag‘al oila bo‘yicha individual dastur bo‘ladi, har bir vazirlikning aniq vazifasi ko‘rsatiladi.
Tuman hokimlari, sektor rahbarlari kambag‘al oilalar xonadoniga kirib, bu yerdagi sharoitni o‘z ko‘zi bilan ko‘rsagina natija bo‘lishi ta’kidlandi.
Shu bois, kelgusi yilda mahallalar infratuzilmasini rivojlantirishga barcha manbalardan $1,6 mlrd ajratiladi.
Bu mablag‘larning 1,2 trln so‘mi, avvalo, eng og‘ir 300ta mahallada suv nasoslari va quyosh panellari o‘rnatishga beriladi.
Yana 2 trln so‘m hisobidan eng og‘ir 500ta mahallada elektr, yo‘l, internet va boshqa infratuzilma masalalari hal etiladi.
Bu ishlarni amalga oshirish uchun vazirlar, o‘rinbosarlari va maslahatchilari, boshqarma boshliqlaridan iborat 250 nafar rahbarga eng og‘ir 1 mingta mahalla bog‘lab beriladi.
Shuningdek, viloyatdagi 2 ming va tumandagi 12 ming nafar rahbarning har biriga 5tadan sharoiti eng og‘ir oila biriktiriladi.