Shahrisabz aeroporti 20 yildan so‘ng fuqaro aviatsiyasi parvozlari uchun ochildi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” kompaniyasi matbuot xizmati xabar berdi.
11-sentabr kuni “Silk Avia” aviakompaniyasining Toshkentdan ilk parvozi mahalliy vaqt bilan soat 13:10da Shahrisabz mahalliy aeroportiga borib qo‘ndi.
Toshkent-Shahrisabz-Toshkent yo‘nalishidagi parvozlar haftasiga ikki marta — chorshanba va shanba kunlari L-410 havo kemasida amalga oshiriladi.
Bir tomonlama chipta narxi 266,248 ming so‘mdan boshlanadi. Samolyot borti 19 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan bo‘lib, parvoz vaqti 1 soat 30 daqiqani tashkil etadi.
Parvozlar jadvali quyida keltirilgan:
- Toshkentdan jo‘nab ketish — soat 11:40, Shahrisabzga yetib borish — soat 13:10;
- Shahrisabzdan jo‘nab ketish — soat 13:50, Toshkentga yetib borish — soat 15:50.
Shahrisabz aerodromi hududida mavjud yo‘lovchi terminal binosi rekonstruksiya qilinib, uchish-qo‘nish va burilish yo‘lagi kapital ta’mirlandi. Infratuzilma obyektlari, muhandislik kommunikatsiya tarmoqlari, meteorologik parvozlarni radiotexnik ta’minlash uskunalari rekonstruksiya qilindi.
“Silk Avia” aviakompaniyasi rahbari Sardor Nurmuhammedov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida joriy yilning to‘rtinchi choragida Toshkent-Sariosiyo yo‘nalishida ham aviaqatnovlar amalga oshirishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.
Shahrisabzdan 5 km janubi-g‘arbda qurilgan mazkur aeroport 1983-yilda ochilgan. 1983−1996 yillarda Toshkent-Shahrisabz yo‘nalishi bo‘yicha parvozlar yoz oylarida haftasiga 4 marta, kuz-qish mavsumida esa 3 marta amalga oshirilgan, shuningdek, Urganch-Shahrisabz yo‘nalishi bo‘yicha ham samolyotlar haftasiga ikki marta parvoz qilgan.
1993−1995 — yillarda Toshkent-Qarshi-Shahrisabz yo‘nalishida parvozlar amalga oshirilgan. Havo qatnovlari An-2, An-24, Yak-40, RJ-85 rusumli samolyotlarda amalga oshirilgan. Shahrisabz aeroporti 2003-yilning noyabr oyida yopilgan.
Uzunligi 1554 metr va eni 35 metr bo‘lgan uchish-qo‘nish yo‘lagidan, ikkita samolyot va to‘rtta vertolyot turish joyiga ega aerodrom ATR-42, ATR-72, L-410 samolyotlarini va barcha turdagi vertolyotlarni sig‘dira oladi. Aeroport soatiga 100 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega.
2023-yilning oktabrida Shavkat Mirziyoyev raisligida Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘tgan yig‘ilishda Shahrisabz aeroportida fuqaro aviatsiyasi yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilgandi.