Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda ayrim tadbirkorlar quyosh panellari o‘rnatishga majburlanayotgani to‘g‘risida xabarlar e’lon qilingandi.
Energetika vazirligi mazkur mavzudagi mavjud shikoyatlarni o‘rganib chiqib, rasmiyi munosabat bildirdi.
“Kimnidir quyosh paneli o‘rnatishga majburlash, o‘rnatilmagan taqdirda esa, uni tarmoqdan uzib qo‘yish bilan ogohlantirish masalasi hech bir qonunchilik hujjatlarida belgilanmagan. Demakki, bunday qilish qonunchilikka zid va Energetika vazirligi bu kabi xatti-harakatlarni mutlaqo yoqlamaydi”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, vazirlik mamlakatga quyosh panellari va uning butlovchi qismlarini olib kirayotgan korxonalar soni ortganini qayd etdi.
Bojxona qo‘mitasi bilan olib borilgan monitoring natijalariga ko‘ra, joriy yilning sakkiz oyida mamlakatga 107 nafar tadbirkor tomonidan 1,5 mlntadan ziyod quyosh panellari olib kirilgan. Ulardan 64 nafar tadbirkor joriy yilda qo‘shilgan. Shuningdek, 62 nafar tadbirkor tomonidan 7 ming donaga yaqin invertorlar olib kelingan.
Agar 2023-yilning sentabr oyida 1 kVt quvvatga ega “on grid” tizimidagi quyosh paneli narxi o‘rtacha 10 mln so‘mga, “off grid” tizimidagi esa 13 mln so‘mga baholangan bo‘lib, joriy yilda narx 30%dan ziyod arzonlashgan va mos ravishda 7 mln so‘mdan 9 mln so‘mgachani tashkil etgan.
“on grid” — energiya tanqisligi yuz bermasligi yoki elektr ortiqcha bo‘lmasligi uchun tarmoqqa ulanish. “off grid” — energiya ta’minotchilaridan mustaqil tizim. Ikkinchisi quyosh energiyasidan ham kunduzi, ham kechasi foydalanish imkonini beradi.
Bu mahsulotlarning importini 1−2ta tashkilot ruxsat orqali amalga oshirmayotgani, ularning faoliyati vazirlik tomonidan boshqarilmasligi aytildi.
Shu bilan birga, o‘tgan yili 5 kVt quvvatga ega “on grid” tizimidagi quyosh paneli narxi o‘rtacha 50 mln so‘m, “off grid” tizimidagi esa 65 mln so‘m turgan bo‘lsa, 2024-yilning sentabrida bu 35 mln so‘m va 45 mln so‘mni tashkil etadi. Vazirlik buni raqobat muhiti va asosiy ishlab chiqaruvchi — Xitoydagi narxlarning tushishi bilan izohladi.
Vazirlikning ta’kidlashicha, 2023-yilning 1-oktabridan yuridik shaxslar uchun, 2024-yilning 1-mayidan esa aholi uchun energoresurslar tarifi oshirilishi iste’molchilarda quyosh paneli va geliokollektorlarga qiziqishni kuchaytirgan.
Xususan, joriy yilning 1-avgustigacha “Quyoshli xonadon” dasturi bo‘yicha jami 44 516,4 kVt quvvatga teng 13 324ta, yuridik iste’molchilar bilan esa jami 197 201 kVt quvvatga teng 8 776ta shartnoma imzolangan. “Bu yurtdoshlarimizning barchasi quyosh panelini o‘z xohishi bilan o‘rnatgan”, deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, vazirlik axborot xizmati tomonidan tasodifiy tanlab olingan uch nafar iste’molchi bilan suhbatlashilganini qayd etdi. Vazirlik bilan suhbatda bo‘lgan tadbirkor va fuqarolar quyosh panellarini o‘rnatish orqali elektr energiyasi quvvatlari oshirilganini aytgan.
Energetika vazirligi tadbirkorlarni quyosh paneli o‘rnatishga majburlash bilan mutlaqo kelishmasligini bildirdi.
“Ammo tadbirkorlarimiz ham quyosh paneli qo‘yish o‘z biznesi uchun foydali ekanligini anglab yetishsa, nur ustiga nur bo‘lur edi. Qolaversa, bugun bu bozorda taklif qiluvchi ham, talabgor ham, kimlardir o‘ylaganidek, kam emas”, — deya xulosa qilingan.
Iqtisodchi Otabek Bakirov quyosh paneli o‘rnatishga majburlash bo‘yicha ishonchli teskari aloqa kerakligini ta’kidlamoqda.
“Bizga ishonchli teskari aloqa kerak. Botmi, ishonch telefonimi yoki shikoyat qoldiriladigan onlayn platformami. Faqat bu aloqani energetiklarga yoki hokimiyatlarga emas, mustaqil idoraga, masalan, Raqobat qo‘mitasiga topshirish ma’noga ega bo‘ladi. Echki shikoyat qilsa, uning shikoyatini qassobga topshirish kerak emasku”, — deb yozadi u.
Shu bilan birga, vazirli k taqdim etgan “off grid” tizimidagi quyosh panellarini qaysi tashkilotlar o‘rnatayotgani to‘g‘risidagi ma’lumotlarni viloyatlar va tumanlar kesimida e’lon qilib borish taklif qilindi.
Avgust oyida prezident raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida quyosh paneli o‘rnatganlarga nisbatan yer va mulk solig‘i imtiyozini qo‘llashdagi cheklovni olib tashlash topshirildi.
Iyun oyida energotejamkor qurilmalarni o‘rnatganlarga tarifga nisbatan chegirma berilishi ma’lum qilingandi. Ularga 3 yil davomida amaldagi tarifga nisbatan 15% chegirma qo‘llaniladi.
Quyosh elektr stansiyasini to‘liq o‘z mablag‘idan qurganlarga esa kompensatsiya beriladi.