9-sentabr kuni xotin-qizlar muammolarini hal etishda AKTni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi hukumat qarori qabul qilindi.
2024-yilning oktabr oyidan “Xotin-qizlar.uz” platformasi doirasida ularning muammolarini o‘rganish va tizimli hal etish moduli (Muammolarni o‘rganish moduli) ishga tushiriladi.
Mazkur modul orqali aniqlangan muammolar tegishliligi bo‘yicha “mahalla-tuman-viloyat-respublika” darajasida hal etiladi.
Shu bilan birga, 1-oktabrgacha muammolarni o‘rganish moduliga kiritilgan masalalarni hal etish va monitoringini yuritishni nazarda tutuvchi mexanizm joriy qilinadi.
Bu orqali muammolar birinchi navbatda, mahalla va tuman (shahar) darajasida, zarur hollarda esa viloyat yoki respublika darajasida hal etiladi.
Modul orqali kelib tushgan murojaatlarni mas’ul vazirlik va idoralar hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan o‘rganib chiqish va hal etishni ta’minlash maqsadida ular uchun foydalanuvchi kabinetlar tashkil etiladi.
Shuningdek, joriy yilning 1-oktabridan doimiy ravishda muammolarni o‘rganish moduli orqali kelib tushgan murojaatlar bilan ishlash, xotin-qizlarning muammolarini hal etish yuzasidan monitoring yuritiladi.
Joriy yilning iyun oyida O‘zbekistonda uy-joyga muhtoj qizlarga 1 xonali ijtimoiy uylar qurilishi ma’lum qilindi. Ular ishga joylashib, oyoqqa turib olgunga qadar mazkur uylarda 3 yil davomida bepul yashashlari mumkin bo‘ladi.
Avvalroq “Spot” magistrant xotin-qizlar kontraktni qoplash uchun nima qilishlari kerakligi haqida ma’lumot bergandi. Nomzodlar o‘zlari ta’lim oluvchi OTM rektori nomiga 15-sentabrgacha ariza bilan murojaat qilishi kerak. Bundan kech qolgan arizalar ko‘rib chiqilmaydi.