O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegarasida ikkita bojxona posti ochildi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning 12-sentabr kuni Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanida joylashgan “Qorasuv” chegara bojxona posti, Qirg‘izistonning “Korasuu” o‘tkazish punkti 15 yillik tanaffusdan so‘ng yana o‘z faoliyatini qayta tikladi.
Qirg‘izistonning O‘sh viloyatidan Jalolobod viloyatiga o‘tish uchun shu vaqtgacha 120 km masofa bosib o‘tish kerak edi. Endi bu masofa 101 km.ga qisqarib, O‘zbekiston hududi bo‘ylab tranzit tarzida 19 km harakatlanish mumkin.
“Qorasuv” chegara bojxona posti 3 gektardan ziyod maydonga ega bo‘lib, bu yerda qurilish ishlari amalga oshirildi. Endi bojxona postidan kuniga 12 ming nafardan ziyod fuqarolar o‘tib-qaytishlari mumkin.
Post orqali yo‘lovchilar asosan yopiq inshootlar bo‘ylab harakatlanishadi. Postda bojxona nazorati va rasmiylashtiruvini tezkor amalga oshirish uchun sharoitlar mavjud.
Bundan tashqari, shu kuni Namangan viloyatining “Uchqo‘g‘on” chegara bojxona postining ham ochilishi bo‘lib o‘tishi belgilangan. Mazkur bojxona postining qurilishi joriy yil boshida boshlangandi.
Qirg‘iziston bilan chegarada joylashgan bojxona postlari orqali harakatlangan fuqarolar, yuk avtotransportlari va temir yo‘l vagonlari soni 7 barobarga oshdi.
2017-yilda ikkala davlat o‘rtasida 2,3 mln nafar fuqaro harakatlangan bo‘lsa, 2023-yilga kelib, bu 16 mln nafarga yetdi. Tovar eksporti va importini amalga oshirayotgan tadbirkorlar soni esa 2,7 barobarga oshdi.
2023-yilning mayida O‘zbekiston va Qirg‘iziston hukumati chegarada yana uchta o‘tkazish punktini ochishni rejalashtirayotgani malum bo‘ldi. Tarmoqlarda O‘zbekiston tomoni 2010-yilda faoliyati to‘xtatilgan “Bekobod-Xonobod” NO‘P yaqinidagi devorni buzayotgani aks etgan video tarqaldi.