12-sentabr kuni Markaziy bank boshqaruvi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 13,5% darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.
Iqtisodiyotdagi yuqori talab hamda ayrim turdagi oziq-ovqat tovarlari va energiya resurslari narxida kuzatilgan o‘sish sur’atlari pul-kredit sharoitlari qat’iyligini joriy darajada saqlab qolishni taqozo etmoqda. Yuqori iqtisodiy faollik va aholi daromadlarining barqaror o‘sib borayotgani yalpi talabni oshiruvchi asosiy omillardan bo‘lmoqda.
Umumiy inflyatsiya so‘nggi 3 oyda sezilarli o‘zgarishsiz saqlanib, avgustda yillik 10,5%ga teng bo‘ldi. Meva-sabzavotlar narxi pasayishi inflyatsiyaga pasaytiruvchi ta’sir ko‘rsatdi. Yil boshidan pasayib kelgan bazaviy inflyatsiya iyun oyidan so‘ng yillik hisobda pasayishdan to‘xtadi.
Iqtisodiy faollikdagi ijobiy tendensiyalar savdo va pullik xizmatlar, eksport tushumlari va pul o‘tkazmalari hajmining o‘tgan yilning mos davriga nisbatan oshishida ham kuzatildi.
Bank tizimi umumiy likvidligining oshishi hamda asosiy stavkaning iyul oyidagi pasaytirilishi ta’sirida pul bozorida foiz stavkalarining ma’lum darajada pasayishi kuzatildi. Bu, o‘z navbatida, davlat qimmatli qog‘ozlari bozoriga ham ta’sir ko‘rsatib, ular bo‘yicha daromadlilik darajasini pasayishida aks etdi.
Iqtisodiyotdagi yuqori investitsion va iste’mol faolligi yalpi talabni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. Markaziy bank budjet xarajatlari va to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalarning faollashuvi investitsion talabni ta’minlashini kutmoqda.
Shu bilan birga, xorijdan pul o‘tkazmalari hajmining yuqoriligi aholining real daromadlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, iste’mol talabi dinamikasida namoyon bo‘ladi. Pensiya va ish haqi oshirilishi ham kelgusi choraklarda iste’mol talabini rag‘batlantiradi.
Avgust oyida aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari 12−13%ni tashkil etdi. Bunga pensiya va ish haqining oshishi va yoqilg‘i resurslarining qimmatlashishi ta’sir qilgan.
Tashqi savdo balansining yaxshilanishi va pul o‘tkazmalari hajmining sezilarli oshishi ta’sirida joriy operatsiyalar hisobvarag‘i taqchilligining ham qisqarib borishi kutilmoqda. Bu almashuv kursiga ehtimoliy bosimlarning kamaytirib, barqaror dinamikaning davom etishiga xizmat qiladi.
Pul-kredit sharoitlarining joriy nisbatan qat’iy darajasining saqlab qolinishi yuqori jamg‘arish faolligi va milliy valyutadagi depozitlar jozibadorligi talab muvozanatlashuviga va inflyatsiyaning pasayuvchi dinamikasini ta’minlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 24-oktabrga belgilangan.
Avvalroq “Fitch Ratings” O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishi 2026-yilga borib 5,5%gacha sekinlashishini prognoz qilgandi.