Qimmatli qog‘ozlar bozorida “tartibga solish qumdoni"ga yangi ishtirokchi qo‘shildi. Bu haqda Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Cbonds” kapital bozori bo‘yicha xalqaro konferensiyada ILMA rahbari o‘rinbosari Vyacheslav Pak ma’lum qildi.
Joriy yilning yanvar oyida 38ta davlatning xorijiy investitsiya vositachilari uchun kapital bozorida alohida huquqiy rejim to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangandi. Fevral oyida “Bank of Georgia” uning birinchi ishtirokchisi sifatida ro‘yxatga olindi.
“Bu haftada Vengriyaning „OTP banki“ ham „qumdon“ ishtirokchisi maqomini oldi. Maxsus rejim professional investorlar uchun mahalliy bozorga kirishni osonlashtiradi”, — dedi Pak.
Sentabr oyi oxiriga qadar yangi tartib bo‘yicha birinchi dividend to‘lovlari Markaziy depozitariy yoki brokerlar orqali amalga oshirilishi kerak. Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi allaqachon O‘zbekistonda birinchi “yashil” obligatsiyalarni chiqargan.
Bundan tashqari, ILMA rahbari o‘rinbosari qonunchilikka oid qadamlarni ta’kidladi. Joriy yilda qimmatli qog‘ozlar bozorida mijozlarni masofadan raqamli identifikatsiya qilish tartibi va shaxsiy investitsiya hisobvarag‘ini ochish tartibi tasdiqlandi.
Hozirda xorijiy valyutadagi korporativ obligatsiyalarni chiqarishga ruxsat beruvchi huquqiy hujjat ustida ish olib borilmoqda. Bu bozorga ham davlat mablag‘larini, ham to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish imkonini berishi, qayd etildi.
Shu bilan birga, kapital bozori to‘g‘risidagi qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda. Hujjatda islomiy qimmatli qog‘ozlar, jumladan islom ishtiroki sertifikatlari, ijara, savdo, islomiy investitsiya fondlarining aksiya va ulushlari bo‘yicha alohida bo‘lim bo‘ladi.
Bundan tashqari, ILMA tomonidan “Aksiyadorlik jamiyatlari to‘g‘risida"gi qonunning yangi tahriri va jamoaviy investitsiya mexanizmlari to‘g‘risidagi yangilangan qonun loyihalari ishlab chiqilmoqda. Bozorga yangi vositalarni joriy etish, savdo va axborot oshkoraligini avtomatlashtirish ishlari olib borilmoqda.
Yana bir ustuvor yo‘nalish — xususiy kompaniyalarning mablag‘ jalb etishdagi faolligini oshirish, shuningdek, investorlar va birinchi navbatda, minoritar aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda, deya qo‘shimcha qildi Pak.
Avvalroq Istiqbolli loyihalar milliy agentligi “Telegram Stars"ni kripto-aktiv emas, balki messenjerning ichki valyutasi deb hisoblashini ma’lum qilgandi.