O‘zbekiston va Qozog‘iston sanksiyalarni chetlab o‘tib, Rossiyada ishlab chiqarilgan oltinni Shveysariyaga reeksport qilishi mumkin, deya xabar bermoqda “swissinfo.ch”.
Portal Shveysariya 2021-yil oxiridan O‘zbekiston va Qozog‘istondan qimmatbaho metallar sotib olishni boshlagani haqida yozadi.
Ukrainada urush boshlanganidan beri xaridlar hajmi sezilarli darajada oshdi, bu esa AQShning 2022-yil iyun oyi oxirida kiritilgan Rossiya oltiniga qarshi sanksiyalarini chetlab o‘tish qo‘rquvini keltirib chiqarmoqda.
Shveysariya bojxona ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili O‘zbekiston Shveysariyaga $8,53 mlrdlik 130 tonna oltin eksport qilgan, bu Statistika agentligining 2023-yil uchun ma’lumotlaridan ko‘p: uning 100 tonnasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri, qolgani esa Buyuk Britaniya orqali kelgan.
Foto: SWI swissinfo.ch / Spot
Shveysariya va Buyuk Britaniya urush boshlanganidan keyin erishib bo‘lmaydigan rus oltinining asosiy bozorlaridir.
Bu O‘zbekiston va Qozog‘iston uchun bo‘shliqni to‘ldirish imkoniyatini yaratdi, deb ta’kidlaydi “SWI swissinfo”.
2019-yil aprel oyida O‘zbekiston Buyuk Britaniyaga oltin eksport qilishni boshladi va o‘sha yili 50 tonna oltin yetkazib berdi.
2020-yilda yetkazib berish hajmi ikki baravar oshdi, keyingi ikki yilda esa 10 tonnagacha qisqardi. Vaholanki, o‘tgan yili O‘zbekiston eksport hajmini 4 barobarga — 40 tonnagacha oshirdi.
Shu bilan birga, Qozog‘iston 2020-yildan buyon eksport hajmini 110 barobarga — 220 tonnagacha oshirdi. Shuningdek, Qozog‘istonda yillik ishlab chiqarish 130 tonnani tashkil etadi, uning yarmidan kamrog‘i “London Bullion Market Association” (LMBA) tomonidan sertifikatlangan zavodlarga to‘g‘ri keladi.
Mart oyida prezident O‘zbekiston yiliga 100 tonna oltin qazib olishini, bu Shveysariya va Buyuk Britaniyaga eksport qilinganidan kamroq ekanini aytgan edi.
“SWI swissinfo” qisman qazib olish va sotish o‘rtasidagi tafovutni Markaziy Osiyo mamlakatlari oltinning rekord bahosi ostida zaxiralarini sotayotgani bilan bog‘laydi.
Butunjahon oltin kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilda O‘zbekiston va Qozog‘iston dunyodagi eng ko‘p oltin sotuvchilarga aylandi.
Biroq, “SWI swissinfo” tahlili shuni ko‘rsatdiki, qimmatbaho metalning Shveysariya va Buyuk Britaniyaga eksporti, hatto oltin-valyuta zaxiralarini sotishni hisobga olsak ham, mahalliy ishlab chiqarish quvvatidan oshib ketgan.
Фото: SWI swissinfo.ch / Spot
Avvalroq “Spot” O‘zbekiston Markaziy banki dunyoda oltinning yetakchi xaridorlaridan biri sifatida qolayotgani haqida yozgandi.
Iyul oyida qimmatbaho metallar zaxirasi yil boshidan beri birinchi marta umumiy o‘sishni qayd etdi.