Joriy yilning 10-sentabr kuni “O‘zkimyosanoat” va “ACWA Power” Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan yashil vodorod ishlab chiqarish loyihasi bo‘yicha kredit va kafillik shartnomalarini imzoladi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Uch tomonlama hujjatlar shartlariga ko‘ra, YTTB ЭACWA Power UKS Green H2Э loyihasini amalga oshirish uchun kredit resurslarini (Equity Bridge Loan) taqdim etadi.
Avval xabar qilinganidek, krediti miqdori jami $5,5 mlnni tashkil etib, bank loyiha uchun $65 mln, jumladan, Kanada tomonidan imtiyozli moliyalashtirish sifatida $10 mln ajratishni rejalashtirmoqda.
Chirchiqda elektroliz usulida “yashil” vodorod ishlab chiqaradigan zavod quriladi. Loyiha Markaziy Osiyo va MDH mamlakatlarida bunday turdagi birinchi obyekt bo‘ladi, deya ta’kidladi “O‘zkimyosanoat”.
O‘zbekistonda “yashil” vodorod
2023-yil yanvar oyida Chirchiq shahrida vodorod va ammiak ishlab chiqaruvchi zavod qurilishi rejalashtirilgani ma’lum bo‘ldi. YTTB biznes-forumida “ACWA” va “O‘zkimyosanoat” o‘rtasida yakuniy kelishuv imzolandi.
Hujjatga ko‘ra, loyiha “ACWA” 80% va “O‘zkimyosanoat” 20% ulushiga ega “ACWA-UKS GH2” qo‘shma korxonasi tomonidan boshqariladi. Loyihaning taxminiy qiymati $88 mlnga baholanmoqda.
Zavodda ishlab chiqarilgan vodorod ammiak sinteziga va keyinchalik azotli o‘g‘itlar ishlab chiqarishga sarflanadi. Yiliga 500 ming tonnagacha nitrat olish, 33 mln tonna tabiiy gazni tejash rejalashtirilgan.
May oyida “ACWA Power” mintaqaviy direktori Abid Malik “Spot” nashriga bergan intervyusida Chirchiqda shu yil oxirigacha yashil vodorod ishlab chiqarish zavodini qurish rejalari haqida aytgandi. Saudiya kompaniyasi O‘zbekistonning azotli o‘g‘itlar eksportchisiga aylanish salohiyatini qayd etadi.