10-sentabr kuni prezident tomonidan imzolangan qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
Unga ko‘ra, intellektual mulk obyektlaridan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun huquq egasining talabiga ko‘ra huquqbuzar tomonidan tovon to‘lash tartib-taomili joriy etiladi.
Bunda “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to‘g‘risida"gi qonunga qo‘shimchaga kiritildi.
Endi patent egasi o‘zining mutlaq huquqini buzgan holda sanoat mulki obyektidan foydalanayotgan shaxsdan zararlarning qoplanishi o‘rniga BHMning 20 baravaridan 1000 baravarigacha (bu 1-oktabrgacha 6,8−340 mln so‘mni tashkil etadi) tovon puli talab qilishi mumkin.
Tovon zararlar yetkazilishi faktidan qat’i nazar to‘lanadi. Miqdorni aniqlashda huquqbuzarlikning xususiyati, sanoat mulki obyektidan foydalanayotgan shaxsning aybi darajasi hamda ish muomalasi odatlari hisobga olinadi.
Tovon miqdori taraflarning kelishuviga muvofiq yoki sud tomonidan belgilanadi. Ilgari bunday normalar mavjud emas edi.
Shuningdek, qonun rasmiy e’lon qilingan kundan 3 oy o‘tgach — 12-dekabrdan kuchga kiradi.
Avvalroq Adliya vazirligi BAA brendining intellektual mulk huquqlarini himoya qilgani haqida xabar berilgandi. O‘rikzor savdo majmuasida faoliyat yurituvchi do‘kon BAA kompaniyasi tovar belgilaridan noqonuniy foydalangan holda ishlab chiqarilgan kontrafakt mahsulotlarni sotgani aniqlandi.