Avvalroq Toshkentdagi restoranlardan birida ommaviy zaharlanish yuz bergani haqida xabarlar tarqalgandi.
Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi holat yuzasidan rasmiy munosabat berib, bemorlarning ahvoli yaxshilanganini qayd etdi.
Holat joriy yilning 5-sentabr kuni Yunusobod tumanida joylashgan “Muhteshem Doner” kafesida yuz bergan. 6−8 sentabr kunlari ovqatdan zaharlanish belgilari bilan jami 23 nafar fuqaro shifoxonasiga yotqizilgan.
Xususan, 22 nafar fuqaro Epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi klinikasiga, 1 nafari Toshkent shahar 4-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ularning barchasi bir necha turdagi taomlarni iste’mol qilganligi ma’lum bo‘ldi. Olib borilgan davolash muolajalari natijasida bemorlarning ahvoli yaxshilangan.
12-sentabr soat 09.00 holatiga ularning 13 nafariga uyiga ruxsat berilgan. Qolgan 10 nafar bemorga davolash muolajalari davom ettirilmoqda va kasallik dinamikasida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Barcha bemorlarning ahvoli qoniqarli holatda.
Sanepidqo‘mning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan “Muhteshem Doner” kafesi faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Iste’mol qilingan oziq-ovqat mahsulotlari qoldiqlaridan namunalar olinib, laboratoriya tekshiruvlari davom ettirilmoqda.
Birlamchi epidemiologik surishtiruv natijalariga ko‘ra, zaharlanishga kafeda tayyorlangan sous (bemorlarning barchasi iste’mol qilgan mahsulot) sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin degan xulosaga kelinmoqda.
Avvalroq 2028-yilgacha umumiy ovqatlanish korxonalari uchun foyda solig‘i 50%ga kamaytirilishi haqida xabar berilgandi. Joriy yilning 1-oktabridan turoperator va mehmonxonalarga, 2025-yildan umumiy ovqatlanish korxonalariga to‘langan QQSning bir qismi keshbek sifatida qaytariladi.