AQShning “National Endowment for Democracy” (NED) jamg‘armasi tomonidan moliyalashtiriladigan “Reagan-Fascell” stipendiya dasturiga arizalar qabul qilinmoqda.

Unda butun dunyodan huquqshunoslar, jurnalistlar, fuqarolik jamiyati yetakchilari va olimlar amaliyot o‘tash yoki ilmiy tadqiqot qilish bo‘yicha ishtirok etishlari mumkin.

Amaliyot yo‘nalishi bo‘yicha nomzodlar o‘z mamlakatida demokratiya yoki inson huquqlarini targ‘ib qilish bo‘yicha amaliy tajribaga hamda yetarli darajada karyeraga ega bo‘lishi kerak.

Ilmiy yo‘nalishda bo‘lgan nomzodlar esa, ariza topshirish vaqtida doktorlik darajasiga (PhD yoki akademik ekvivalenti) ega, o‘z sohasida ilmiy materiallar chop etgan bo‘lishi va stipendiya loyihasi uchun batafsil tadqiqot rejasini ishlab chiqishi zarur.

Bundan tashqari, barcha nomzodlar ingliz tilini bilishlari, demokratik rivojlanishning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy yoki madaniy jihatlariga qaratilgan loyihalar taklif qilishlari kerak.

Shu bilan birga, 5 oylik stipendiya davrida Vashingtondagi Xalqaro demokratik tadqiqotlar forumida ishlashga tayyor bo‘lish talab etiladi. Boshqa stipendiyalar yoki ish o‘rinlari bo‘lishi mumkin emas.

Dastur rasmiy taqdimot bilan yakunlanadi, unda ishtirokchilar odatda o‘zlarining tadqiqot loyihalariga yoki o‘z mamlakatlaridagi demokratik holatga oid boshqa mavzularga e’tibor qaratishadi.

Ariza topshirish uchun dastlab onlayn portal orqali hisob yaratish kerak. Hisob qaydnomasini yaratish bo‘yicha batafsil ko‘rsatmalar bu yerda.

Undan keyin ariza topshirishda quyidagi hujjatlar taqdim etilishi zarur:

  • ariza beruvchi haqida ma’lumot;
  • amaliyotchi yoki ilmiy stipendiya uchun loyiha taklifi;
  • tavsiyanoma;
  • CV va biografiya.

Qabul qilingan ishtirokchilarga oylik stipendiya ajratilib (turar joy, oziq-ovqat, mahalliy transport va boshqa xarajatlar hisoblanadi), borish-qaytish va sug‘urta xarajatlari qoplab beriladi.

Shuningdek, to‘liq jihozlangan ofis bilan ta’minlanib, shaharlararo telefon qo‘ng‘iroqlari va Qo‘shma Shtatlar bo‘ylab professional sayohatlar uchun cheklangan budjetga ega bo‘lishadi.

Arizalarni joriy yilning 8-noyabrigacha havola orqali jo‘natish mumkin. Barcha ariza materiallari ingliz tilida bo‘lishi kerak.

Dastur yuzasidan savollar fellowships@ned.org elektron pochtasi orqali qabul qilinadi.


Avvalroq AQShning Simmons universiteti bakalavriatura bosqichi uchun stipendiya dasturiga arizalar qabul qilayotgani haqida xabar berilgandi.