Toshkent shahar hokimligi “Toshkent Invest kompaniyasi” bilan mahallalardagi turmush tarzi, shaharliklar bo‘sh vaqti va ularning madaniy xususiyatlari bo‘yicha tadqiqot o‘tkazmoqda. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Tadqiqot shaharning kelajakdagi dizayn-kodi konsepsiyasini ishlab chiqishga qaratilgan. Undan ko‘chalar va hovlilarni bezatish, yo‘l ko‘rsatkichlari, ko‘cha jihozlari, jamoat joylarini loyihalash uchun foydalaniladi.

Hokimlikning qayd etishicha, aholi ishtiroki dizayn-kodni yanada samarali va sifatli bo‘lishiga, shuningdek, shahar muhitini barcha uchun qulay qilishga yordam beradi. So‘rovnoma jami 17ta savoldan iborat, uni to‘ldirish uchun 10 daqiqadan kam vaqt ketadi.

Barcha javoblar maxfiyligi saqlanib, faqat umumlashtirilgan holda to‘planadi. So‘rovnomada havola orqali ishtirok etish mumkin.

Shuningdek, qo‘shimcha taklif va savollarni d.leonteva@cm.international elektron pochta manziliga yuborish imkoniyati ham mavjud. Tadqiqot natijalari bilan ma’lumotlarni qayta ishlash yakunlangandan so‘ng tanishish mumkin.

Avvalroq Yangi O‘zbekiston ko‘chasini rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqilgani haqida xabar berilgandi. Ko‘chada piyoda, velosiped hamda yer osti va yer usti yo‘laklari tashkil etiladi.