Namangan viloyatida O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegara posti ochildi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
12-sentabr kuni viloyatning Uchqo‘rg‘on tumani Bo‘ston mahallasida joylashgan “Uchqurg‘on” chegara bojxona postining faoliyati qaytadan yo‘lga qo‘yildi. Mazkur bojxona posti Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati, Navkent tumanidagi “Kengsay” bojxona postini bog‘laydi.
Nazorat-o‘tkazish punkti orqali bir kunda o‘rtacha 10 ming nafar fuqaro, 500tadan ortiq yuk hamda 300dan ortiq yengil avtotransport vositalari harakatlanishi mumkin.
“Uchqo‘rg‘on-Avtoyo‘l” va “Kensay-Avtoyo‘l” bojxona postlari faoliyatining qayta yo‘lga qo‘yilishi Namangan va Jalolobod viloyatlari aholisi hayotini yaxshilashidan tashqari, Farg‘ona vodiysida tashqi savdo yuklari harakatida “yangi davrni boshlashi” kutilmoqda.
Bojxona qo‘mitasining qayd etishicha, O‘zbekistondan tashqari mintaqada ham turizm imkoniyatlarini kengaytiradi. Sababi, bu post mamlakatga tashrif buyuruvchi turistlarning Qirg‘iziston hamda Xitoyga o‘tib qaytishlari va tranzit o‘tishlari uchun eng qisqa va qulay hisoblanadi.
Geografik jihatdan Qirg‘izistonning “O‘sh-Bishkek” dovon avto yo‘liga yaqin “Uchqo‘rg‘on” chegara-bojxona posti xorijiy va milliy tashuvchilarning vodiy viloyatlaridan qishloq xo‘jaligi va sanoat mahsulotlarining xorijiy davlatlarga eksportini tezlashtiradi.
Shuningdek, Tojikistonning Xo‘jand viloyatidan Rossiya, Xitoy hamda Qirg‘iziston davlatlariga olib o‘tiladigan tranzit yuklar ham “Uchqo‘rg‘on” chegara posti orqali harakatlanishi natijasida Andijon viloyati “Do‘stlik” chegara postidagi transport harakati 30−40%ga kamayishi kutilmoqda.
Mazkur bojxona postining qurilishi joriy yil boshida boshlangan. Bo‘ston mahallasidagi “Uchqo‘rg‘on — Madaniyat” yo‘lining 10-kilometrida chegara bojxona posti qurilishi amalga oshirildi.
Avvalroq Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanida joylashgan “Qorasuv” chegara bojxona posti, Qirg‘izistonning “Korasuu” o‘tkazish punkti 15 yillik tanaffusdan so‘ng yana o‘z faoliyatini qayta tiklagandi.