Toshkent viloyatidan 14ta mahalla qisman Yangi Toshkent hududiga o‘tkazilmoqda. Bu haqda Davlat kadastrlari palatasi Toshkent viloyati boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Yuqori Chirchiq tumanidan qisman 11ta mahalla, jumladan, “Istiqlol”, “Gulobod”, “Navro‘z”, “Qorasuv”, “Oq ovul”, “Jumabozor”, “Nurli yo‘l”, “Farovon”, “Yangi hayot”, “Sahovat” va “Qizilsoy” MFYlar Yangi Toshkent hududiga o‘tkaziladi.
O‘rta Chirchiq tumanidan esa qisman “Mustaqillik”, “Yangi Turmush” hamda “Mash'al” mahalla fuqarolar yig‘ini poytaxtning 13-tumani tarkibiga o‘tkazilmoqda.
Joriy yilning iyul oyida Kadastr agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi Yangi Toshkent hududiga to‘liq tarkibda tushgan mahallalar ro‘yxatini ma’lum qilgandi.
Yuqori Chirchiq tumanidan 20ta MFY — “Istiqbol”, “Darxon”, “Usmonobod”, “Navoiy”, “Jaloltepa”, “Obodon”, “Guliston”, “Bahor”, “Xvan.T.G”, “Yashnobod”, “Uch chinor”, “Nurafshon”, “Mirobod”, “Fayziobod”, “A.Yassaviy”, “Baliqchi”, “Yoshlik”, “Tinchlik”, “Iyk-ota” va “Birlik” MFYlari o‘tgan.
O‘rta Chirchiq tumanidan 3ta MFY, shu jumladan “Sholikor”, “O‘choqli” hamda “Bunyodkor” MFYlar Yangi Toshkent hududiga tushgan.
Joriy yilning mart oyida Toshkent viloyatidagi qariyb 20 ming gektar yer maydonini Yangi Toshkentga o‘tkazish ma’qullandi. Yuqori Chirchiq tumanidan 17,3 ming gektar va O‘rta Chirchiq tumanidan esa 2,4 ming gektar yer ajratilishi belgilangandi.
Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev tomonidan imzolangan Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashi qarorida Yuqori Chirchiq tumanidan 33ta (20tasi to‘liq, 13tasi qisman) va O‘rta Chirchiq tumanidan 7ta — jami 40ta mahalla (4tasi to‘liq, 3tasi qisman) Yangi Toshkentga o‘tkazilishi kerak edi. Biroq, Davlat kadastrlari palatasi bergan ma’lumotlardan ularning soni 37taga kamayganini ko‘rish mumkin.
Yangi Toshkent hududiga o‘tayotgan ko‘chmas mulk obyektlarining umumiy soni 19 723tani tashkil etadi. Shundan 18 773tasi turar joy, 891tasi noturar joy hamda 52tasi ko‘p qavatli uylar hisoblanadi.
Aprel oyida Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentning dastlabki binolari qurilishini boshlab berdi. Birinchi bosqichda ikkita OTM kampuslari, kutubxona, teatr, muzey hamda ijod maktablari barpo etiladi.
May oyida “Cross Works” kompaniyasi tomonidan “Yangi Toshkent” bosh rejasi taqdim etildi. Iyun oyida hukumat qarori bilan birinchi tuman qurilishining bosh rejasi tasdiqlandi.