Raqobat qo‘mitasi bukmekerlik reklamasi yuzasidan moliyaviy jarima qo‘lladi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Raqobat qo‘mitasining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi tomonidan o‘rganishlar o‘tkazildi.
Unda “Hamkor Reklama Servis” tomonidan Toshkent shahrining Yunusobod va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida tashqi reklama konstruksiyalari orqali bukmekerlik “1XBET” reklama tovar belgisi ko‘rsatilgan holatlar aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan “Reklama to‘g‘risida"gi Qonunning 46-moddasiga muvofiq, qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar, shu jumladan telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek internet jahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda tashkil etiladigan qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar reklamasiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilab qo‘yilgan.
Yuqoriga ko‘ra, Maxsus komissiya tomonidan “Reklama to‘g‘risida"gi Qonunining 46-moddasi talablari buzilganligi yuzasidan “Hamkor Reklama Servis"ga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, natijasi yuzasidan Qo‘mita vakolatlari doirasida qonunchilikda belgilangan tartibning maksimal miqdorida moliyaviy jarima qo‘llanildi.
“Reklama to‘g‘risida"gi qonunning 47-moddasida taqiqlangan mahsulot va xizmatlarni reklama qilganlik uchun BHMning 100 baravarigacha (34 mlnn so‘m) jarima undirilishi mumkin.
Shuningdek, to‘plangan hujjatlar javobgarlik masalalarini ko‘rib chiqish uchun prokuratura organlariga yuborildi.
Avvalroq “Spot” Raqobat qo‘mitasi “UzAuto Motors” va uning dileriga nisbatan ish qo‘zg‘atgani haqida yozgandi.
Fuqaroga tegishli Lacetti L-Stayle MT rusumli avtomobilida yong‘in yuzaga kelishi sabab, kompaniyaga 40ga yaqin bu turdagi avtomobillarni chaqirib olib, texnik ko‘rikdan o‘tkazish topshirildi.