Markaziy bank avgust oyida 2ta bank va 1ta mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyasini qo‘lladi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar bermoqda.
Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan o‘tgan oydagi yig‘ilishlarda 42ta masala ko‘rildi va ular bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.
Xususan, ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida 30ta masala ko‘rilib, shundan 7tasi kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni, 1tasi mikromoliya tashkilotlarini hisob ro‘yxatidan o‘tkazish borasida bo‘lgan.
Kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 12ta masala — Markaziy bankning ko‘rsatmalari va prudensial me’yorlari talablarining bajarilishi, banklar va mikromoliya tashkilotida o‘tkazilgan o‘rganish va tekshirishlar natijasi ham muhokama qilindi.
O‘rganish va tekshirish natijalarida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun 2ta bank, 1ta mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyasi qo‘llanildi.
Bundan tashqari, regulyator tomonidan 7ta mikromoliya tashkiloti, 2ta to‘lov tizimi operatorlari va 27ta banklar ogohlantirildi.
Ular to‘lov tizimlari operatorlari va to‘lov tashkilotlarining ustav fondi va tashkiliy-huquqiy shakliga qo‘yilgan talablarni bajarmagan. Shuningdek, Markaziy bank ko‘rsatmalari va prudensial me’yorlari bajarilishiga, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish qoidalariga rioya qilmagan.
Shuningdek, aniqlangan kamchiliklarni tuzatish, ular bo‘yicha tegishli choralarni ko‘rish, prudensial normativlarga amal qilish, bank faoliyatida mavjud zaifliklarni bartaraf etish va moliyaviy holatini sog‘lomlashtirishga qaratilgan talablarga rioya qilinishi yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Avvalroq Markaziy bank boshqaruvi qarori bilan “United Payment Solution"ning to‘lov tashkiloti faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyasi chaqirib olingandi.