Xitoy kompaniyasi Andijonda chiqindidan elektr energiyasi ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning 8−11 sentabr kunlari Xitoyning Futszyan provinsiyasi Syamen shahrida yigirma to‘rtinchi investitsiya va savdo yarmarkasi (CIFIT) bo‘lib o‘tdi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, mamlakat Bosh konsulxonasi, Andijon va Sirdaryo viloyatlari vakillari ishtirokidagi delegatsiyasining yarmarka maydonida mamlakatning investitsiyaviy va turizm salohiyatini, eksportbop mahsulotlarini aks ettiruvchi pavilon tashkil etildi.
Tadbirlar davomida Xitoyning “Xiamen Jinming Energy” kompaniyasi va Andijon viloyati delegatsiyasi o‘rtasida memorandum imzolandi.
Kelishuv chiqindini qayta ishlash orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirishni nazarda tutadi. Uning qiymati $250 mlnni tashkil etadi.
Loyiha Andijon tumani hududida amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda, qurilish ishlari esa joriy yilning oktabr oyidan boshlanishiga belgilangan.
Buning uchun kompaniya vakillari viloyatga biznes-missiyasini amalga oshiradi. Shuningdek, tomonlar jami qiymati $100 mln bo‘lgan 5ta istiqbolli loyihani ko‘rib chiqmoqda.
2023-yilning dekabrida BAAning “Tadweer” kompaniyasi O‘zbekistonda “Chiqindilarni energiyaga aylantirish” zavodini ishga tushirishi ma’lum bo‘lgandi. Maishiy chiqindilarni yig‘ish va olib chiqish, saralash, qayta ishlash va utilizatsiya qilishni boshqarish tizimi ishlab chiqiladi.
Joriy yilning may oyida Xitoyning “China CAMC Engineering” kompaniyasi bilan chiqindilarni yoqish elektr stansiyasi loyihasi bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi. Buning uchun chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni o‘rganilib, zavodning dastlabki loyihasi ishlab chiqiladi.
Avvalroq qayta ishlatilishi majburiy bo‘lgan chiqindi tovarlari ro‘yxati tasdiqlangandi. Unda plastmassa, qog‘oz, shisha hamda qurilish chiqindisi kabi materiallarning qayta ishlanishi bo‘yicha kod raqamlari va belgilari keltirilgan.