Istiqbolli loyihalar milliy agentligi “yashil” korporativ obligatsiyalar ilk chiqariluvini ro‘yxatga oldi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
“O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” tomonidan taqdim etilgan 50 mlrd so‘m mablag‘lar binolarni modernizatsiya qilishga yo‘naltiriladi.
“O‘zining „yashil“ maqsadlariga erishish uchun kompaniya banklar tomonidan taqdim etilgan „yashil“ ta’mirlash kreditlarini moliyalashtirish va/yoki qayta moliyalashtirishga, shuningdek, bank mijozlari uchun energiya tejaydigan qurilish materiallaridan foydalangan holda ta’mirlash ishlarini olib borish imkoniyatlarini yaratishga e’tibor qaratadi”, — deyiladi xabarda.
Birinchi yashil korporativ obligatsiyalar Xalqaro kapital bozori assotsiatsiyasining yashil obligatsiyalar tamoyillariga muvofiqligi bo‘yicha “AIFC Green Finance Center” tomonidan ijobiy tashqi baholandi. Bu chiqariluvning asos dasturi bo‘yicha yashil standartlarga muvofiqlik sertifikati olingan.
Joriy yilning may oyida ILMA yashil obligatsiyalarni joylashtirish va muomalada bo‘lishi bo‘yicha nizom loyihasini taqdim etdi. Hujjatda moliyalashtirish uchun bunday obligatsiyalar chiqarilishi mumkin bo‘lgan loyihalar turlari, shuningdek ularni chiqarish shartlari ko‘rsatilgan.
Iyun oyida agentlik qimmatli qog‘ozlarni chiqarish qoidalariga “yashil” obligatsiyalarni chiqarishga oid o‘zgartirishlar kiritdi. Obligatsiyalarni chiqarish uchun “yashil” standartlarga muvofiqlik sertifikatini olish kerak bo‘ladi.
Avgust oyida “Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” fond birjasida ro‘yxatga olindi. Savdo maydonchasi kotirovka ro‘yxatiga IQMK korporativ obligatsiyalarining ikkita emissiyasini kiritdi.
Avvalroq agentlik O‘zbekistonda chet el valyutasida obligatsiyalar chiqarishga ruxsat berish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgandi.