Uchta vazirlik tizimida faoliyat yuritayotgan 100 nafardan ortiq xodimlarning tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi aniqlandi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Agentlik tomonidan vazirlik va idoralar, davlat muassasalari va tashkilotlar xodimlarining tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish holatlari yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazildi.
Natijada, Transport, Maktabgacha va maktab ta’limi hamda Madaniyat vazirliklari va ularning tizim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan 107 nafar boshqaruv xodimi tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi ma’lum bo‘ldi. Ular 116ta kompaniyada ta’sischilik asosida faoliyat yuritgan.
Eng ko‘p qonunbuzilishi Transport vazirligida kuzatilib, vazirlikning 50 nafar boshqaruv xodimi 55ta tadbirkorlik subyektida ulushdor bo‘lgan.
Shuningdek, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 37 nafar boshqaruv xodimi 39ta, Madaniyat vazirligining 20 nafar boshqaruv xodimi 22ta tadbirkorlik subyektida ta’sischilik qilgan.
Natijada, agentlik tomonidan mazkur vazirliklarga taqdimnomalar kiritilib, kompaniyalarda ta’sischilik qilayotgan xodimlarga nisbatan ogohlantirish xatlari berildi. Shuningdek, qonunbuzilishi holatlari bartaraf etilmoqda.
Bundan avval Aksilkorrupsiya agentligi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi, Suv xo‘jaligi, Qishloq xo‘jaligi vazirliklari va ularning tizim tashkilotlaridagi 398 nafar boshqaruv xodimining tadbirkorlik bilan shug‘ullanishini aniqlagandi.
“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida"gi qonunining 4-moddasi bilan davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi man etilgan boshqalarning tadbirkorlik subyekti bo‘lishi mumkin emasligi belgilangan.
Bundan tashqari, “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida"gi qonunning 13-moddasida davlat fuqarolik xizmatchisi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga, faoliyatini tashkil etishga, ishtirokchisi bo‘lishga davlat fuqarolik xizmatini o‘tash bilan bog‘liq cheklovlar o‘rnatilgan. Shu bilan birga, tashkiliy-boshqaruv, ma’muriy-xo‘jalik vazifalarini bajarish mumkin emas.
Joriy yilning iyun oyida qabul qilingan“Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida"gi qonunda davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimi, uning yaqin qarindoshlari yuridik shaxs ulushlariga egalik qilsa, aloqador shaxslar deb e’tirof etiladi.