11-sentabr kuni kambag‘allikni qisqartirish va aholini ijtimoiy himoya qilish sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi va uning ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirishga qaratilgan prezident farmoni qabul qilindi. Hujjat bilan, bu sohada nazoratga mas’ul bo‘lgan Bosh prokuror o‘rinbosari lavozimi kiritiladi.
Bosh prokuraturaning tashkiliy-shtat tuzilmasida 7ta shtat birligidan iborat Kambag‘allikni qisqartirish va aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida qonunchilik ustidan nazorat boshqarmasi, hududiy prokuraturalarda esa jami 28ta shtat birligidan iborat nazorat bo‘linmalari tashkil etiladi.
Bunda Bosh prokuror o‘rinbosari har haftada kamida bitta hududga borib, kambag‘al oilalarni reyestrga kiritish va chiqarishning haqqoniyligini o‘rganadi. Kambag‘al oilalarga berilayotgan mablag‘lar egasiga manzilli yetib borishini nazorat qiladi.
Shu bilan birga, kambag‘allikni qisqartirish va aholini ijtimoiy himoya qilishda berilgan vazifalarni belgilangan darajada bajarmagan mas’ullarga nisbatan tegishli chora ko‘rilishini ta’minlashi kerak.
Bosh prokuror o‘rinbosari, shuningdek, ijtimoiy himoya va kambag‘allikni qisqartirish sohasida qabul qilinayotgan qonunlar talablari, prezidentning farmon va qarorlarida belgilangan topshiriqlar ijrosini nazorat qiladi.
11-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish tizimini yaxshilashga qaratilgan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgandi. Unda Bosh prokurorga kambag‘al oilalarni o‘rganish uchun alohida o‘rinbosar tayinlanishi qayd etilgandi.
Kelgusi uch yilda kambag‘allik darajasini 11%dan 7%ga qisqartirish rejalashtirilgan. Tizimda kambag‘al oilani tanlashda aniqlik, mablag‘ ajratishda yaxlitlik yetishmasligi aytilgandi.