Markaziy bank “United Payment Solution” to‘lov tashkilotining litsenziyasini bekor qildi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.
Banki boshqaruvi qarori bilan “United Payment Solution” aksiyadorlik jamiyatining to‘lov tashkiloti faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyasi chaqirib olindi hamda to‘lov tashkilotlari reyestridan chiqarildi.
Bunga to‘lov tashkiloti tomonidan litsenziya olingan kundan e’tiboran bir yil davomida faoliyatini amalga oshirmaganligi sabab bo‘lgan.
Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reestri ma’lumotlariga ko‘ra, “United Payment Solution” 2023-yilning mart oyida tashkil etilgan. Kompaniya kompyuter dasturlash sohasidagi faoliyat bilan shug‘ullanadi.
Kompaniyaning ustav kapitali 10 mlrd so‘mni tashkil etdi hamda uning 100% ulushi Gizatullin Rustam Sabdirovichga tegishli.
So‘nggi bir necha oy ichida regulyator 7−8ta to‘lov tashkilotining litsenziyalarini bekor qildi: may oyida “Payment Aggregation Systems”, “Yurt Pay”, “Instant Payment Solutions”, “Source To Pay” va “TAPP Payment”, iyul oyida esa “UzPost” shuba korxonasi, “Qulay Pul” va “Payment System Platform” litsenziyalaridan mahrum bo‘ldi.
Avvalroq “Spot” yarim yilda O‘zbekistondagi to‘lov tashkilotlari qancha foyda ko‘rgani haqida ma’lumot bergandi.