Raqobat qo‘mitasi “UzAuto Motors” va uning dileriga nisbatan ish qo‘zg‘atdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Qo‘mitaga Qoraqalpog‘istonda yashovchi fuqaro A.D.dan murojaat kelib tushgan. Unda fuqaro o‘ziga tegishli 2023-yilda “UzAuto Motors” tomonidan ishlab chiqarilgan “Lacetti L-Stayle MT” rusumli avtomobil olinganiga 5 oy ham bo‘lmasdan nosozligi tufayli yonib ketganligini, lekin ishlab chiqaruvchi tomonidan holat o‘z vaqtida bartaraf etilmayotganligi bildirilgan.
Natijada, murojaat qo‘mita tomonidan ko‘rib chiqilib, haqiqatdan ham bu holat yuz bergani ma’lum bo‘ldi. Bundan tashqari, bu kabi holat, Navoiy viloyatida aynan shu modeldagi avtomobilda ham kuzatilganligi aniqlandi.
Qo‘mita maxsus komissiyasi tomonidan “Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunning 14 va 20-moddalari talablari buzilish alomatlari bo‘yicha “UzAuto Motors” va “PSM-AvtoSavdo"larga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atildi.
Bundan tashqari, qo‘mita bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida mazkur “Lacetti” avtomobili bilan bir vaqtda ishlab chiqarilgan 37ta aynan shu markadagi avtomobillarni 10 kunlik muddatda chaqirtirib olib, texnik ko‘rikdan o‘tkazish yuzasidan majburiy ko‘rsatma berdi.
Shuningdek, murojaatchiga shu modeldagi yangi avtomobil almashtirib berildi. Iste’molchi talab qo‘ygan vaqtdan boshlab o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun esa avtomobil bahosining bir foizi miqdorida neustoyka (penya) to‘lashi to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Qo‘mita maxsus komissiya qaroridan norozi bo‘lgan tomon Apellyatsiya kengashiga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega ekanligini qayd etmoqda.