Toshkentda “K-Lab Uzbekistan” startaplar uchun 3D bosib chiqarish laboratoriyasi ish boshladi. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi xabar berdi.

Laboratoriya 2023-yil iyun oyida ochilgan “U-Enter” innovatsion tadbirkorlik O‘zbekiston-Koreya markazida joylashgan.

Qayd etilishicha, loyiha orqali 3D texnologiyalarni joriy etish va mahalliy texnologik infratuzilmani rivojlantirish maqsadlari ko‘zda tutilgan.

Loyihaning umumiy qiymati $1,6 mlnni tashkil etadi. Loyiha Koreya Respublikasi IT sohasini rivojlantirish Milliy agentligi (NIPA) ko‘magida amalga oshirilmoqda.

Uning ishga tushirilishi 3D-printer sohasida mahalliy mutaxassislarni tayyorlash imkonini beradi, deya ta’kidladi Savdo-sanoat palatasi.

Uchta startap K-Lab yordamida tashabbuslarni amalga oshirish uchun grant oldi: jamoalardan biriga 25 mln so‘mdan, qolgan ikkitasining har biriga 10 mln so‘mdan mablag‘ ajratildi.

Iyul oyida “U-Enter” markazi “ERGO Analytics” bilan birgalikda startaplar duch keladigan muammolarni o‘rganishdi.

Ko‘pincha respondentlar investitsiyalar yetishmasligi, shuningdek, bilim va ko‘nikmalarning yetishmasligini ta’kidladilar.


Avvalroq “Spot” O‘zbekiston va Janubiy Koreya hamkorlikda yuqori texnologiyali xab yaratishi haqida yozgandi.

Shuningdek, elektron klaster tashkil etish, kimyo sanoati, mashinasozlik, ta’lim va tibbiyot sohalarida hamkorlik yanada rivojlantiriladi.