Joriy yilning yanvar-iyul oylari davomida 4 ming 986 nafar jismoniy shaxs o‘z xonadonida o‘rnatilgan quyosh panellari orqali elektr energiyasi ishlab chiqargan. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Shundan iste’moldan ortgan 4 mln 815 ming 922 kVt⋅soatlik qismini hududiy elektr tarmoqlari korxonasiga sotgan.
Har bir kVt⋅soat elektr energiyasi 1000 so‘mdan sotib olinadigan ushbu hajm jami 4 mlrd 815 mln 922 ming so‘mni tashkil qilgan va tegishli summa Soliq qo‘mitasining “Soliq” mobil ilovasi orqali yuqoridagi fuqarolarning bank plastik kartalariga o‘tkazib berilgan.
Birgina iyul oyida quyosh panel o‘rnatib, undan ishlab chiqarilgan elektr energiyasining iste’moldan ortgan qismini davlatga sotgan 3 ming 759 ta xonadonga 1 mlrd 399 mln 564 ming so‘m to‘lab berilgan.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda ayrim tadbirkorlar quyosh panellari o‘rnatishga majburlanayotgani to‘g‘risida xabarlar e’lon qilingandi.
Energetika vazirligi mazkur mavzudagi mavjud shikoyatlarni o‘rganib chiqib, rasmiyi munosabat bildirdi.
“Kimnidir quyosh paneli o‘rnatishga majburlash, o‘rnatilmagan taqdirda esa, uni tarmoqdan uzib qo‘yish bilan ogohlantirish masalasi hech bir qonunchilik hujjatlarida belgilanmagan. Demakki, bunday qilish qonunchilikka zid va Energetika vazirligi bu kabi xatti-harakatlarni mutlaqo yoqlamaydi”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, vazirlik mamlakatga quyosh panellari va uning butlovchi qismlarini olib kirayotgan korxonalar soni ortganini qayd etdi.