“Humans” o‘zining barcha fintex xizmatlarini “Humans Pay” brendi ostida birlashtiradi. Bu haqda “Spot"ga kompaniyalar guruhi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, bunday qarorga “to‘lov va pul o‘tkazmalari xizmatlariga yuqori talab” sabab bo‘lgan.
Yilning birinchi yarmida mijozlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 45%ga oshdi.
Olti oy ichida “Humans Pay” 60 mlndan ortiq tranzaksiyalarni amalga oshirdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 21%ga ko‘p. Daromad $5 mlndan oshib, 65%ga o‘sdi, operatsiyalardan aylanma esa 85%ga oshdi.
“G‘arb ekspertlarining fikricha, bugungi kunda faqatgina „Humans Pay“ xizmatining kapitallashuvi $60 mlnni tashkil qiladi. O‘z navbatida, biz O‘zbekistonning butun raqamli iqtisodiyotining jadal rivojlanishi bilan bog‘liq ekotizimning yanada faol o‘sishi istiqbollarini ko‘ramiz”, — dedi “Humans Group” bosh direktori va asoschisi Vladimir Dobrinin.
Fintex bozoridagi “Humans” ulushi “UPay” to‘lov xizmati ekotizimiga integratsiyalashganidan keyin o‘sdi.
Guruh egasi kompaniyani 2022-yilda ushbu xizmat o‘z brendi ostida ishlashni davom ettirish sharti bilan sotib oldi.
Birlashgandan so‘ng, “Humans Pay” orqali uy-joy kommunal xizmatlari, telefon va mobil aloqa, internet, televizor, shuningdek, asosiy banklardan bo‘lib-bo‘lib to‘lash va kreditlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, xizmat komissiyasiz kartadan kartaga o‘tkazmalarni taklif qiladi.
Avvalroq “Spot” “Humans” o‘zining marketpleysini ishga tushirgani haqida yozgandi.
Hozirda u orqali 5000 turdagi tovar, jumladan, 3000 turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilish mumkin.