Qoraqalpog‘istonlik yoshlar uchun qo‘shimcha qabul parametri tasdiqlandi. Bu haqda Bilimni baholash agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat komissiyasining navbatdagi bayoni bilan belgilangan 10 mingta qo‘shimcha kvota hudud yoshlari uchun tumanlar kesimida tarmoq sohalari bo‘yicha oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni inobatga olgan holda qabul qilingan.
U bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qishni nazarda tutadi.
Bunda ajratilgan kvota Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston hamda viloyatlardagi OTM va bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari kesimida taqsimlandi.
Bundan tashqari, 10 mingta qo‘shimcha qabul parametri — kirish imtihonlarida 56,7 ball va undan yuqori ball to‘plagan, lekin talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlar hisobidan shakllantirildi.
Qo‘shimcha qabul parametrlari doirasida talabalikka tavsiya etilgan qoraqalpog‘istonlik yoshlar tavsiya etilganlik holatini my.uzbmb.uz sayti orqali shaxsiy kabinetidan bilishlari mumkin. Shuningdek, oliy ta’lim muassasalariga tanlov qaydnomalari yetkaziladi.
Iyul oyi oxirida 2024/2025-o‘quv yili uchun to‘lov-kontrakt miqdorlari tasdiqlandi. Kontrakt miqdori o‘tgan o‘quv yiliga nisbatan 15%ga oshgan.
Eng qulay yo‘nalishlar uchun narx 6,41 mln so‘mdan 7,4 mln so‘mga oshdi. Eng “qimmat” sohalarda o‘qitish qiymati 9,8 mln so‘mdan 11,25 mln so‘mga oshgan. To‘lov-kontrakt miqdorlari bilan batafsil havola orqali tanishish mumkin.
Avgust oyida to‘lov-shartnomasini olish uchun onlayn arizalar qabuli boshlandi. Arizalarni kontrakt.edu.uz tizimi hamda mobil ilova orqali jo‘natish mumkin.
Shuningdek, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt qiymatining minimal miqdori tasdiqlandi. O‘tish baliga 4,05 balldan ortiq yetmagan, 56,7 balldan kam to‘plamagan abituriyentlar uchun tatbiq etiladi.
Endi qabul jarayonida ikkinchi-beshinchi yo‘nalishga grant yoki kontrakt asosida kirgan talabalar o‘z xohishlari bilan ustuvorligi bo‘yicha tanlagan birinchi yo‘nalishida super-kontraktda o‘qishlari mumkin. O‘qishga kira olmagan abituriyentlar ham super-kontrakt asosida qabul qilinadi.
Kontrakt pulini to‘lash muddatlari belgilandi. 1-kursga qabul qilinganlar 15-sentabrgacha, ikki va undan yuqori kurs talabalari esa 1-oktabrgacha kontrakt miqdorining kamida 25%ini to‘lashlari kerak.