Shavkat Mirziyoyev 15-sentabr kuni Samarqandda Germaniya kansleri Olaf Shols bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. 2023-yil uchun tovar ayirboshlash 1 mlrd yevrodan oshdi, joriy yil boshidan buyon nemis kompaniyalari O‘zbekistonga 800 mln yevroga yaqin sarmoya kiritdi.
“KfW” banki va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining moliyaviy-texnik ko‘mak loyihalariga yuqori baho berildi.
Joriy yil yozda Samarqand shahrida Ibn Sino va Genrix Shipperges nomidagi Tibbiyot fanlari oliy maktabi ochilgani ham mamnuniyat bilan qayd etildi.
Uchrashuvda Sanoat va texnologiyalar bo‘yicha strategik sheriklik dasturi tayyorlangani qayd etildi. Germaniyaning yetakchi kompaniya va banklari bilan umumiy qiymati qariyb 9 mlrd yevro bo‘lgan hamkorlik loyihalari ishlab chiqilmoqda.
Ular “yashil” energetika, kimyo sanoati, o‘ta muhim xomashyoni o‘zlashtirish, mashinasozlik, to‘qimachilik sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish va boshqa ko‘plab yo‘nalishlarni qamrab oladi.
“Siemens Energy” kompaniyasi bilan mamlakatimiz hududlarida bug‘-gaz elektr stansiyalarini qurish, “Linde Group” kompaniyasi bilan “metanol oroli” barpo etish va “yashil” ammiak ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda.
“KfW-Ipex Bank” “Giga Fiber” ishtirokida qazib olish va qayta ishlash yo‘lga qo‘yiladigan mis konini o‘zlashtirishga sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda.
Shuningdek, nasos tizimlarini mahalliylashtirish, qayta tiklanuvchi energetika, tibbiy buyumlar ishlab chiqarish, logistika markazlarini tashkil etish bo‘yicha bir qator yangi loyihalar mavjud.
Ushbu loyihalarni tezlashtirish va qo‘llab-quvvatlash, investitsiyalarni rag‘batlantirishning samarali vositalarini joriy etishga kelishildi.
Shavkat Mirziyoyev Germaniyaning “Lufthansa” aviakompaniyasining O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlarini qayta yo‘lga qo‘yish masalasini ko‘rib chiqishni taklif qildi.
O‘zbekiston nemis modeli bo‘yicha dual ta’limga qiziqish bildirdi, Germaniyada qo‘shma fakultet va universitetlarning filiallarini ochish uchun sharoit yaratish taklifini bildirdi. Bundan tashqari, nemis tilini o‘qitishni kengaytirish rejalashtirilgan.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha 8ta shartnoma imzolandi, jumladan:
- migratsiya va mobillik sohasida har tomonlama sheriklik to‘g‘risida hukumatlararo bitim;
- veterinariya va chorvachilik sohasida hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo deklaratsiya;
- “Yashil Markaziy Osiyo” tashabbusi doirasida suv resurslaridan barqaror foydalanish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo deklaratsiya;
- o‘ta muhim minerallar sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiya;
- transport sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- Parij bitimi doirasida iqlim o‘zgarishi sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida memorandum.
Avvalroq “Spot” O‘zbekistonda kasb-hunarga o‘qitishning Germaniya modeli joriy etilishi mumkinligi haqida yozgandi.
Mamlakat haydovchilik, hamshiralik, sanoat va gastronomiya kabi sohalardagi 130 mingdan ortiq ishchi kuchini O‘zbekistondan jalb qilmoqchi.